O‘zbekiston fuqarosi Rossiya hududida tushib qolish maqsadida harakatlanayotgan poyezddan sakradi. Bu haqda Orenburg viloyati prokuraturasiga tayanib, Sputnik xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik ikki yil ilgari migratsiya qonunchiligini buzganligi sababli Rossiya hududidan chiqarib yuborilgan. Qolaversa, unga yana Rossiya hududiga kirish 5 yil muddatga taqiqlangan bo‘lgan.
Shunga qaramasdan, joriy yilning iyul oyida 31 yoshli o‘zbekistonlik Qozog‘iston hududida bo‘la turib, Rossiya hududidan tranzit orqali harakatlanuvchi poyezdga chipta xarid qilgan. Rossiya hududidan o‘tayotganda mamlakatda qolish maqsadida harakatlanayotgan poyezddan sakragan. So‘ngra Orenburg viloyatining Sol-Iletsk shahrida chegara xizmati harbiylari tomonidan qo‘lga olingan va u aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Unga nisbatan RF JKning 322-moddasi 2-qismi (Rossiya davlat chegarasining chet el fuqarosi tomonidan noqonuniy kesib o‘tilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zatilgan.
Hozirda tasdiqlangan ayblov dalolatnomasi sudda ko‘rib chiqilishi uchun Sol-Iletsk tuman sudiga yuborilgan.
Izoh (0)