Butun yoz bo‘yi ispan OAVlari tilidan tushmagan Xunior Firpo aslida kim? Nima uchun dominkanlik 22 yoshli futbolchi uchun “Barselona” 18 million yevro (yana 12 millon yevro bonus ham bor) to‘ladi?

Foto: Google Images

Firpo — chap qanot himoyachisi. Ko‘pchilik uning Xordi Albaga o‘rinbosar bo‘lishiga ishonmoqda. 22 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda “Betis”ga Ispaniya Kubogida yarim finalga chiqishda hamda La Ligada 10-o‘rinni egallashda yordam berdi. U o‘tgan mavsum 24 bora maydonga tushdi va asoson chap qanotda harakat qildi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay o‘z jarima maydonchasida xavf kam bo‘lgan hollarda hujumga chiqishni yoqtiradi. “Barselona” muxlislari Firponi allaqachon “ko‘k anorranglilar” uchun yaratilganiga ishonmoqda. Biroq Xuniorning o‘zi muxlislarni haqiqatda ham adashmaganliklarini isbotlashi uchun ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Quyida Firpoga oid ko‘pchilikka noma’lum faktlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz:

1-fakt. Firpo faoliyatini vinger sifatida boshlagan

Foto: Google Images

Chap qanot himoyasida harakat qiladigan futbolchilarning ko‘pchiligida aynan shunday holat kuzatilgan. Avval yarim himoya chizig‘i qanotida to‘p suradi. Keyinchalik esa himoyaga o‘tkaziladi. Firpo shu jihatdan Marselo va Aaron Uan-Bissakaga o‘xshab ketadi. Xunior faoliyatini yarim himoyada boshlagan. Faoliyati avvalida “Atletiko Benamyel”, “Tiro Pichon” va “Puerto Malageno” klublarida ham vinger sifatida to‘p surgan. Faqatgina “Betis”ga kelib, u ampluasini almashtirdi. Va bu holat unda omadli kechdi. Eng asosiysi, u o‘z tezligini yo‘qotmadi.

2-fakt. Firpo ham “Betis” ham “Barselona”da to‘p suradigan 25-futbolchi

Foto: Google Images

“Betis” va “Barselona” transfer borasida anchadan beri do‘stona aloqaga ega. Ikkala klub safida harakat qilgan futbolchilar soni Firpoga qadar 24 nafar edi. Bu ro‘yxatdan Mark Bartra, Kristian Telio, Martino Montoya va Serxio Garsiya kabi taniqli o‘yinchilar ham o‘rin olgan.

3-fakt. Firpo Dominikan respublikasida tug‘ilganiga qaramay, Ispaniyaning yoshlar terma jamoasida o‘ynab ulgurgan

Foto: Google Images

Firpo Italiya mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasida Yevropa chempionatida Ispaniya terma jamoasi bilan chempionga aylandi.

U — Ispaniya fuqarosi. 6 yoshida mamlakatga ko‘chib kelgan. Ammo futbolchi Dominikan terma jamoasida safida 2015-yil Braziliya yoshlariga qarshi maydonga tushgan. Shunga qaramay futbolchi kattalar o‘rtasida qaysi terma jamoa sharafini himoya qilish borasida bir qarorga kelmagan.

4-fakt. Firpo — “Barselona” safidagi ilk dominikanlik futbolchi

Firpo “Betis”ga kelgan vaqtda La Ligadagi ilk dominikanlik futbolchi sifatida tarixga kirgandi. Va albatta bu millat jihatidan emas, balki tug‘ilgan joyi nazarda tutilayotgani diqqatga sazovor. Unga qadar La Ligada Hayns Barmettler, Tano Bonnin hamda Mariano Dias (“Real” hujumchisi) ham o‘ynashga ulgurgandi. Biroq ularning hech biri Dominikanda tug‘ilmagandi. Tabiiyki, Firpo shu tariqa “Barselona”ning ilk dominikanlik o‘yinchisiga aylandi.

5-fakt. Firponing futboldan ketishiga bir bahya qolgan

Foto: Google Images

Firpo ko‘p vaqtini Ispaniyaning quyi divizionida o‘tkazganligi uchun ham ko‘pchilik bunday o‘yinchi borligidan ham bexabar bo‘lgan. Futbolchi Marca’ga bergan intervyusida uning yoshidagi ko‘plab o‘yinchilar katta-katta jamoalarda o‘ynayotgani va televideniyeda ham tez-tez ko‘rinish berishi haqida bejiz aytmagan edi. Firpo hatto “Betis” 2015-yil yozida u bilan shartnoma imzolamaganida futbolchilik faoliyatiga yakun yasashga tayyor bo‘lganligini ta’kidlagan.

FootballHD materiali asosida Asror Abdunazarov tayyorladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!