O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShdagi otishmalar yuzasidan axborot berdi.
AQShning qator yirik shaharlarida tinch aholini bir qancha ommaviy o‘qqa tutish holatlari yuz berdi.
2019-yilning 3-avgust kuni Texas shtatining El-Paso shahrida Walmart supermarketida otishma sodir bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi qurolli hujum qurboniga aylangan, yana 26 kishi jarohatlangan, 21 yoshli gumondor Patrik Kruzius hibsga olingan. Jinoyatning sabablari aniqlashtirilmoqda.
4-avgustga o‘tar kechasi Ogayo shtati Deyton shahrida ham otishma yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi, jumladan, hujumchining o‘zi ham vafot etgan. 27 kishi jabrlangan.
Shuningdek, otishma holati Illinoys shtati Chikago shahrida ham qayd etildi. Fox News xabariga ko‘ra, 4-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 1:30 da jinoyatchi Chikago g‘arbidagi parkda mashinadan olomonga qarata o‘q uzgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 7 kishi turli darajada jarohat olgan.
5-avgust holatiga ko‘ra, Texas va Ogayo shtatlarida, shuningdek, Chikago shahrida sodir bo‘lgan fojiali voqealar qurbonlari ro‘yxatlarida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
Izoh (0)