4-avgust kuni tungi soat 23:09 da poytaxtning Chilonzor tumani Arnasoy ko‘chasidagi 7-uyda joylashgan “Barkach” restoranida yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.
Yong‘in qisqa vaqt ichida binoning shifti, qo‘shimcha va generator xonasini qamrab oldi. Yong‘inning umumiy maydoni 40 kvadrat metrni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi FVVdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar yong‘in yuz bergan joyga 23:14 da yetib kelgan. Yong‘inni o‘chirishga to‘rtta maxsus avtomashina jalb qilingan. O‘t o‘chiruvchilarning tezkor va hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari tufayli olti daqiqa ichida yong‘in butunlay bartaraf etildi. Shu tariqa restoranning 2000 kvadrat metr maydonni egallagan boshqa qismlariga yong‘in tarqalishining oldi olindi.
Yong‘in chiqishining taxmin qilinayotgan sababi elektr tarmoqlaridagi qisqa tutashuvdir. Moddiy zarar aniqlanmoqda. Yong‘in natijasida jabrlanganlar va qurbonlar qayd etilmagan.
Izoh (0)