O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar va issiqxona xo‘jaliklarini yonilg‘i o‘rnida ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
2017—2021-yillarda g‘isht, sement ishlab chiqaruvchi korxonalarni, issiqxona xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich muqobil yonilg‘i turlariga (ko‘mir) o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadda, birinchi navbatda, respublikaning barcha viloyatlarida tadbirkorlar ishtirokida ko‘mirdan yonilg‘i sifatida foydalanishning afzalliklarini tushuntirib beruvchi ishchi guruhlari tashkil etildi.
Ikkinchidan, ko‘mirdan foydalanishning foydaliligini o‘rganish maqsadida maxsus tahliliy ishlar o‘tkazildi. Shu maqsadda, bir qator issiqxona xo‘jaliklari va g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarda tajriba o‘tkazildi. Natijada, tabiiy gaz o‘rniga ko‘mirdan foydalanilganda 45—55 foiz miqdorida yonilg‘ini tejash mumkinligi haqida xulosaga kelindi.
Uchinchidan, tabiiy gaz yetkazib berish taqchil, vaqt o‘tgani sari ushbu muammo chuqurlashib borayotgan hududlarda ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganib chiqildi. Bu joylarda ko‘mir nafaqat qulay, balki zaruriy muqobil yonilg‘i ekani ma’lum bo‘ldi. Unga bo‘lgan ehtiyoj oyiga 411 tonnani tashkil etadi.
To‘rtinchidan, mamlakatda ko‘mirdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan isitish qozonlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boshlandi. Ushbu maqsadda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va natijada Chirchiq shahrida ko‘mir qozonlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
2018-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan g‘ishtning 33 foizi tabiiy gaz o‘rniga ko‘mirdan yonilg‘i sifatida foydalanayotgan korxonalarda ishlab chiqarildi. Ushbu davrda mavjud issiqxona xo‘jaliklarining 27 foizi ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazildi.
2019-yilning besh oyi davomida yana 94 ta g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘mirdan muqobil yonilg‘i sifatida foydalanishga moslashtirildi, 115 ta issiqxona ko‘mirdan foydalanishga qaror qildi va unga o‘tishni boshlab yubordi.
“Faqatgina O‘zbekistondagi g‘isht ishlab chiqaruvchi va issiqxona xo‘jaliklarini to‘liq ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazish mamlakatga har yili milliarddan ortiq kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Yonilg‘i tannarxining tushishi esa ishlab chiqaruvchilar uchun ham katta foyda keltiradi”, — deyilgan xabarda.
Izoh (0)