Toshkent viloyati hokimligining 2019-yil 19-iyul kunidagi 442-f-sonli farmoyishiga asosan “Harakat xavfsizligi oyligi” tadbiri doirasida gazda ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida reyd tadbirlari olib borilmoqda, bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbirlar davomida jami 41 ta turli ko‘rinishdagi qoidabuzarliklar aniqlagan bo‘lib, ulardan 13 tasining gaz balloni navbatdagi sinov muddati o‘tganligi, 21 nafar haydovchilarning gaz moslamalariga oid hujjatlari yonida mavjud bo‘lmaganligi hamda 7 ta holatda noqonuniy ravishda gaz balloni o‘rnatgan holda harakatlanish qoidabuzarliklarini tashkil etadi.
Shuningdek, reydlar davomida Yuqorichirchiq tumanidagi “Pavlon Petrol” MChJ gaz quyish shoxobchasida “VAZ-2103” rusumli, davlat raqam belgisi 10E985DA, “GAZ-2410” rusumli, davlat raqam belgisi 10X075JA bo‘lgan transport vositalari gazda ishlash uchun qayta jihozlanganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmasa-da, gaz quyish shoxobchasi operatorlari tomonidan gaz yoqilg‘isi quyib berilgan.
Bundan tashqari, Yangiyo‘l tumanidagi “Hamkor Gaz Servis” MChJdan gaz yoqilg‘isi quyib chiqayotgan transport vositalarining texnik holati, gazga oid hujjatlari mavjudligi nazorat tariqasida avtomobil yo‘lida to‘xtatilib o‘rganilganda haydovchi I.Nazarov boshqaruvidagi Nexia rusumli, 10Q787CA davlat raqam belgili transport vositasiga o‘rnatilgan gaz balloniga 240 atmosfera bosimida gaz quyib berilganligi, haydovchi B.Maksudov boshqaruvidagi Vaz-2106 rusumli, 10Q812YA davlat raqam belgili transport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonining hujjatlari bo‘lmasa-da, mazkur jamiyat operatorlari tomonidan gaz yoqilg‘isi quyib berilganligi ma’lum bo‘ldi.
“Hurmatli haydovchilar, yo‘llarda harakatlanishda hamda gaz quyish shoxobchalarida befarq bo‘lmaylik, zero o‘zgalar hayoti uchun ham mas’ul ekanligingiz yoddan chiqmasin, oddiygina yoki kichkinagina tuyulgan kamchilik katta noxush holatlarga sababchi bo‘lishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi Toshkent viloyati IIBB YHXB.
Izoh (0)