Uzbekistan Airways aviakompaniyasi o‘z saytida uy hayvonlarini tashish qoidalarini yana bir bor tushuntirib berdi.
Xabarda uy hayvonlari va qushlarni samolyotda olib uchish qoidalari, avvalambor, yo‘lovchi borayotgan yoki tranzit o‘tayotgan mamlakat qonunlariga asosan belgilanishi aytib o‘tilgan. Xususan, yo‘lovchi o‘zi bilan birga olib borayotgan jonzot qabul qilayotgan mamlakat talablariga muvofiq, veterinar organlarning sertifikatlari va ruxsatnomalariga ega bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, jonivorlar va ularning konteynerlari og‘irligi yo‘lovchilar uchun ruxsat berilgan yuklar hisobiga kirmaydi va qo‘shimcha yuk sifatida to‘lov olinadi.
Uchinchidan, samolyot salonida olib uchish uchun uy hayvoni va uning qafasi vazni 8 kilogrammdan ortiq bo‘lmasligi kerak. Vazni 8 kilogrammdan ortiq bo‘lgan uy hayvonlari samolyot yukxonasiga joylashtiriladi.
Faqatgina ko‘zi ojiz kishilarga yo‘l ko‘rsatuvchi itlarni — vazni cheklanmagan va qo‘shimcha to‘lovsiz olib o‘tishga ruxsat beriladi. Buning uchun yo‘l ko‘rsatuvchi itlar bo‘yinbog‘, tumshuqbog‘ga ega bo‘lishi, yo‘lovchining esa tegishli ma’lumotnomasi bo‘lishi kerak.
Izoh (0)