Jurnalist Rahimjon Mahkamov O‘zbekistonda oxirgi kunlarda yuz berayotgan ommaviy buzib tashlashlar bilan bog‘liq tahlikali voqealarga o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning fikrlarini keltiramiz.
O‘zbekistonda iyul oyida hukm surgan jazirama yozning asosiy yangiligiga aylanmadi. Bu bor-yo‘g‘i ob-havo. Respublikaning turli mintaqalaridan kelayotgan, lekin bir mavzu bilan bog‘liq yangiliklar undan ko‘ra qaynoqroq. Buzib tashlashlar!
Taraqqiyotning yangi bosqichiga kirayotgan (baribir bunga ishonamiz!) mamlakat uchun keng miqyosli rekonstruksiya – tabiiy holat, va qurilishlar avj olishi uning bir qismi xolos. Shunday bo‘lishi ham kerak! Ha, biz shaharlarimiz qiyofasini yangilashimiz, maydonlar va xiyobonlarni obodonlashtirishimiz, vatandoshlarimiz qulay sharoitda yashaydigan yangi, obod uylar barpo etishimiz lozim. Eski, nurab qolgan uy-joy o‘rniga zamonaviy va qulayi kelishi kerak. Maqsad – juda oliyjanob. Lekin unga erishish yo‘llari, afsuski, har doim ham oliyjanob emas. 2019-yilning qaynoq yozi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Buzib tashlashlar! Mamlakatning turli burchaklarida shu sababga ko‘ra yuzaga kelayotgan ixtiloflar haqidagi xabarlar birma-bir paydo bo‘lmoqda. Toshkent, Rishton, Yangiyo‘l, Yakkabog‘, Urganch. Ijtimoiy tarmoqlar g‘uvillamoqda. Mamlakat xaritasida birma-bir yangi “qaynoq nuqtalar” paydo bo‘lyapti. Ularning geografiyasi kengaymoqda – hissiyotlar junbushga kelmoqda, yozning bunga aloqasi yo‘q. “Buzib tashlash” tushunchasining o‘zi shunchalik salbiy tusga kirdiki, buzilayotgan mahallalar aholisi mahalliy amaldorlar beboshligiga qarshi turishining o‘ziga xos ramziga aylanib qoldi.
Eng oliyjanob niqob ostida amalga oshirilayotgan loyihalar ham kimlarningdir g‘araz maqsadlariga xizmat qiluvchi qalloblik sxemalari manbalariga aylanmayotganiga ortiq hech kim kafolat bermaydi. Hukumatga bo‘lgan ishonch darajasi tushayotgani uchun kim javob beradi? Xalq bilan muloqot va va inson manfaatlari yilida tomchilab terilgan ishonch. Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonalar, “portallar”, mas’ul rahbarlarning sayyor qabullari, ishchi guruhlar, sektorlar bo‘yicha taqsimot, mamlakatda hukumat va aholi o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan hamma narsa, shu ish doirasida erishilgan barcha yutuqlar bugun soyada qolib ketdi. Unutildi. Yo‘qqa chiqdi. Yo‘qlikka ketdi. Buzilishlar tufayli. Mamlakat rahbariyatining hukumatni jamiyat manfaatlari, klanlar va guruhlar emas, oddiy odamlar manfaatlari yo‘lida qaror qabul qiluvchi ochiq, shaffof institutga aylantirish bo‘yicha ko‘p oylik sa’y-harakatlari bugun joylarda amalga oshirilayotgan puxta o‘ylanmagan, uzoqni ko‘zlamagan buzib tashlash siyosati tufayli diskreditatsiya qilindi.
Ayrimlar tushunmayapti: odamlar ularning shaharlari obodonlashtirilishiga qarshi emas! Odamlar bu ish ularning huquqlari buzilgan holda amalga oshirilishiga qarshi! Bu qonun doirasida qilinsin!
Yil davomida jamoatchilik poytaxtning Amir Temur ko‘chasidagi 45-uy aholisi uni saqlab qolish yo‘lida kurashganini kuzatdi. Oxir-oqibat binoning tarixiy qiymati nufuzli komissiya tomonidan tan olindi. Lekin aholi buning uchun boshidan nimalarni o‘tkazmadi deysiz.
Rishtondagi vayronalar kadrlari butun mamlakatni aylanib chiqdi. U yerda odamlar yetarli kompensatsiya to‘lanmay uylaridan quvib chiqarilgan edi (10 million so‘mga nima qurish mumkin?). 40 darajada issiqda o‘z uylarini qorovullab, uy-joy masalasi ijobiy hal bo‘lishini kutib o‘tirgan (kechirasizlar) kampirlarni ko‘rib nimalarni his qildingiz?
Yangiyo‘lda odamlar uylaridan “lash-lush”larini olib chiqib ketishiga ikki hafta berishdi. Shaharning asosiy shohko‘chasi bo‘ylab tushgan o‘nta ikki qavatli uyni (qimmat kapital ta’mirdan so‘ng) buzib tashlashlari kerak edi. Qonun bilan o‘rnatilgan olti oy haqida gap ketmadi. Dastlabki ikki bino, shaharliklarning noroziligiga qaramay, shafqatsizlarcha buzib tashlandi, lekin odamlar baribir bu beboshlikni to‘xtatdi.
Savol: nega shahar markazidagi farovon, maishiy hayoti shakllanib qolgan, jinoyatchilik darajasi past, infrastrukturasi shakllangan va ijtimoiy-ma’naviy mikromuhiti o‘rnatilgan mahallalar buzib tashlanyapti? Bunday joylarda evaziga nimaga ega bo‘lyapmiz? Nega yangi mahallalarni shahar chetlarida yaratish, agar shunchalik xohlayotgan bo‘lishsya, Sitiga moslashgan ma’muriy markazlarni o‘sha yerga ko‘chirish mumkin emas? Balki gap yerda, uning narxida, kommunikatsiyalarni yetkazish, infrastrukturani rivojlantirishga ketadigan qo‘shimcha xarajatdadir? Axir yangi mahalla paydo bo‘layotgan joyda maktablar, shifoxonalar, yo‘llar barpo etish kerakku? Poytaxt lanfdaftini sitilashgan osmono‘par binolar bilan yangilayotgan quruvchilar bundan qanchalik manfaatdor?
Buzilayotgan uchastkalar aholisi va hukumat vakillarining qarama-qarshiligi bu yoz eng qaynoq cho‘qqisiga chiqqan Yakkabog‘ – alohida voqea. O‘z mulkini himoya qilayotgan tadbirkorlar tuman hokimlariga o‘t qo‘yvorishi uchun odamlarni qanday ahvolga olib kelish kerak? Qayerga qarab ketyapmiz? Bunday “obod mahalla” kimga kerak? Dastur tashabbuskori bo‘lmish prezident bizni mana shunday obodonlashtirishga yo‘naltirganmidi? O‘zingizga keling, deb qichqirgim kelyapti! Yakkabog‘dagi voqea norozilik detonatoriga aylandi, bu norozilik Urganchda yangi to‘lqinga aylanib ko‘tarildi. U yerdan kelayotgan taqchil axborot odamni xavotirga solmay qo‘ymaydi.
Mamlakatimizga yangi “Texnopark” kerakmi? Kerak, agar innovatsiyalar davrida yashaymiz va zamon bilan hamnafas bo‘lamiz desak. Lekin nega innovatsion yechimlar eski uslublar bilan amalga oshirilyapti, nega yolg‘on, o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik kesib tashlanmayapti? Yaqin o‘tmishga yana qaytyapmizmi? Odamlar o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligiga ishonganida, ularning ilk natijalarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin-a? Nega bir xatoni takrorlayveramiz?
Mana endi deputatlar ham hokimlar bilan bahsga kirishdi...
Urganch mamlakat xaritasidagi buzilishlarga bog‘liq yangiliklar kontekstida tilga olingan oxirgi nuqtaga aylanishini juda xohlayman. Mamlakatim gullab-yashnashini, davlat, jamiyat va shaxs manfaatlari uyg‘unligiga erishilishini juda xohlayman.
Yakkabog‘dagi kichkina mash’ala mamlakat modernizatsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradigan fuqarolar qarama-qarshiligi gulxaniga aylanib ketishini xohlamayman.
Mamlakatim yonishini xohlamayman.
Izoh (0)