O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi yoshlarni qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar tajribasi bilan tanishtirib borish, malaka oshirishlarini tashkil etish maqsadida Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu haqda Yoshlar media markazi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Hozirga qadar Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti tomonidan 10 nafar yosh fermerlar Yaponiya davlatida tashkil etilgan xalqaro o‘quv-seminarlarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi.
25-iyul kuni Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi “Leo Garden” intensiv bog‘ida Yaponiya davlatidan taklif etilgan 10 nafar bog‘dorchilik sohasining ilg‘or mutaxassislari va yirik eksportyor fermerlar mamlakatdagi yosh fermerlar, soha mutaxassislari va fermerlikka qiziqqan yoshlar uchun “Bog‘dorchilikda Yaponiya tajribasi” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.
— 2015-yilda 50 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratdik,— deydi “Leo Garden” intensiv bog‘i agronomi Badriddin Usomiddinov. — 6 xil navli olma va 2 xil navli nok kabi mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan bog‘imizda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etganmiz. Bu esa suvning birdek taqsimlanishi hisobiga dala bo‘ylab namlik bir me’yorda tarqalishini ta’minlaydi, Intensiv bog‘ning afzal tomoni nisbatan kichik maydondan, kam suv sarflab, ko‘p hosil olish mumkin. Joriy etilayotgan zamonaviy sug‘orish texnologiyasi suvdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi. 20 ta ishchi o‘rniga ega bog‘imizdan bu yil 30-35 tonna hosil olishimiz mumkin.
Mahorat darslari davomida yaponiyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik fermerlarga bog‘dorchilik sohasidagi so‘nggi yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, bog‘ maydonini tayyorlash, ko‘chatlarni ekish va parvarishlash hamda zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rgatdi.
Ta’kidlash joiz, yil yakuniga qadar yana o‘n nafar yosh fermer Yaponiyaga malaka oshirishga yuboriladi.
Izoh (0)