Buyuk Britaniya poytaxtida dunyo moda sanoatining eng yirik tadbirlaridan biri — Pure London ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Undan O‘zbekiston stendi ham munosib o‘rin egalladi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi Online”.
Made in Uzbekistan brendi ostida “Istiqlol tekstil dizayn”, Vakkoni Collection va JV Textile Tashkent Mill korxonalari o‘zlarining to‘qimachilik mahsulotlarini taqdim etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ham joy olgani e’tiborga loyiq.
Ta’kidlash joiz, Pure London Buyuk Britaniyada urfda bo‘lgan liboslarning chakana savdosi sohasidagi eng yirik forumdir. Unda bu safar o‘rta va oliy darajadagi 700 dan ortiq brend hamda dizaynerlardan to‘qimachilik mahsulotlari, aksessuarlar, qolaversa, tayyor kiyim-kechaklar kolleksiyasi namoyish etildi. Mazkur ko‘rgazma yiliga ikki marta tashkil qilinadi.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z ishtiroki doirasida Britaniya va Yevropa biznes vakillari bilan bir qator samarali uchrashuvlar ham o‘tkazishdi.
Jumladan, mezbon davlatdagi Burrows&Hare kompaniyasi direktori Sulton Ansoriy bilan Tumanli albion bozoriga O‘zbekistondan ilk erkaklar kostyumlarini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.
Agha Establishments International mintaqaviy direktori Ali Aga esa mamlakatda to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, O‘zbekistonda tayyorlangan matodan erkaklar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish, so‘ngra uni Buyuk Britaniyaga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga qiziqish bildirdi.
Henze Projects kompaniyasi direktori Gabi Xense bilan esa joriy yil sentyabr oyida Primark, Mos Bross, Sport Direct, Mark&Spencer kabi mashhur britan brendlari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirishga kelishib olindi. Zero, ular mamlakatga mahalliy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik hamda Buyuk Britaniya va YeI davlatlari bozorlariga o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Police Lifestyle kompaniyasining dizayn bo‘yicha menejeri Aleks Opare-Juma esa O‘zbekistonning Vakkoni Collection korxonasi tomonidan tayyorlangan kurtka, kostyum va erkaklarning boshqa liboslarini katta miqdorda sotib olishga qiziqish bildirdi. Faqat ushbu mahsulotlar britaniyaliklar tomonidan taqdim etilgan dizayn asosida tikilishi kerak.
HOD Fashion House kompaniyasi vakili Kevin Kanningem bilan muloqot ham samarali kechdi. U kompaniyasi JV Textile Mill Tashkent korxonasida ishlab chiqarilgan paypoq mahsulotlarini juda ko‘p hajmda xarid qilmoqchi ekanligini bildirdi.
Janubiy London Savdo-sanoat palatasi a’zosi Amadin Rayan bilan esa Janubiy London bilan Namangan va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ko‘rgazmadagi yana bir amaliy natija Vakkoni Collection (Namangan) va The Notting Hill Gate Shopping Bag (London) kompaniyalari o‘rtasida shartnoma imzolangani bo‘ldi. Unga ko‘ra, Buyuk Britaniyaga o‘zbek paxtasidan tayyorlangan biologik toza sumkalar yetkazib beriladi. Mazkur xaltalar suvenirlar va oziq-ovqat mahsulotlari uchun mo‘ljallangan.
Bunday tovarlar nafaqat London, balki Buyuk Britaniyaning boshqa shaharlaridagi supermarketlarda ham keng tarqalishi kutilyapti.
Izoh (0)