Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlar ekan, uning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan hissasini alohida ta’kidladi.
Suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlashni yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tranzit salohiyati va hududlararo hamkorlikdagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan o‘tgan hafta ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari ishtirokida “Beyneu—Akjigit—O‘zbekiston chegarasi” avtomobil yo‘lining ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida birgalikdagi madaniy-gumanitar tadbirlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh (0)