Markaziy harbiy okrugga qarashli Jizzax viloyati mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik-mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida bu yildan boshlab harbiy chavandozlar tayyorlanadi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Markaziy harbiy okrugda yiliga 100 nafar, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida jami 700 nafar harbiy chavandoz tayyorlanadigan mazkur o‘quv markazlar faoliyati Prezidentning 2018-yil 12-dekabr PQ-4061 sonli qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligi tarkibida tashkil etildi.
Shuningdek, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotidagi ayrim mutaxassisliklar, ya’ni aloqa, oshpaz, haydovchi yo‘nalishlarida o‘qitish 2019-yilning yanvar oyidan Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Hozirgi vaqtda vazirlik va markaziy harbiy okrug tomonidan o‘quv markazlarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish va tayyorlovdagi mutaxassisliklarni son va sifat darajasini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, markaz rahbari – harbiy lavozimi ochildi. Shu bilan birga, respublika miqyosida “Eng yaxshi markaz” tanlovi o‘tkazilmoqda. Ayni damda Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markaz faoliyati, o‘quv moddiy bazasi hamda amaliy mashg‘ulotlar jarayoni Qurolli Kuchlar bosh shtabiga qarashli Tashkiliy safarbarlik bosh boshqarmasi ofitserlari tomonidan tekshirilmoqda.
Respublika bo‘yicha 14 ta o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yoshlar olti oylik o‘quv kurslarida o‘qitiladi. Ushbu markazga chaqiruvchilar tibbiy ko‘rik va imtihon asosida va chaqiruv yoshida bo‘lgan (18–23 yosh) fuqarolar qabul qilinadi. Haftasiga besh kunlik o‘quv soati, harbiy kiyim-bosh, yotoqxona bilan ta’minlanib, mazkur tayyorlov kurslaridan o‘tganlar imtiyoz asosida bir yillik harbiy xizmatga (chaqiruv komissiyasini qarori asosida) yuboriladi.
Ma’lumot uchun, mazkur o‘quv markazi alohida harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha dastlabki tayyorlov kurslari vazifasini o‘tab, kelgusida Mudofaa vazirligi, DXX chegara qo‘shinlari hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligi tarkibidagi harbiy kadrlarni butlash maqsadida tashkil etilgan.
Izoh (0)