Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda O‘zbekistonning investitsion salohiyati va kapital bozori istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdimotda Abdulaziz Komilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va O‘zbekiston — AQSh munosabatlarining istiqbollari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Taqdimot doirasida AQSh prezidenti yordamchisining o‘rinbosari Liza Kertis, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uelss hamda AQSh — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm so‘zga chiqdi.
Liza Kertis O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlar mintaqaviy hamkorlikni qayta tiklaganini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvini joriy yil kuzida Toshkent shahrida o‘tkazish rejasi misol tariqasida keltirildi.
AQSh ma’muriyati vakili Vashington respublikadagi iqtisodiy va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar, jumladan, O‘zbekistonning intellektual mulk himoyasi sohasida Jeneva konvensiyalariga qo‘shilganini ma’qullashini aytdi. Oq uy vakili mazkur qadam O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligi, biznes va investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirishini qayd etdi. Ko‘plab xavf va qiyinchiliklarga qaramay islohotlardagi har bir odim orqali O‘zbekiston “mintaqaviy iqtisodiy kuch” sifatidagi salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga yaqinlashayotganini e’tirof qildi.
Izoh (0)