Kecha, 18-iyul kuni Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Ulbosin Utegenova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Jenis Lepesov, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Sarsenbay Baybosinov ishtirokidagi tadbirda muddatli harbiy xizmatchilar nafaqat rassomlar ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi, balki harbiy qismda qoraqalpoq rassomlari tomonidan tashkillashtirilgan ko‘chma ko‘rgazma asarlaridan bahramand bo‘ldi.
Shuningdek, madaniyat sohasida ko‘p yillardan buyon mehnati singgan Shinargul Paxretdinovaning “Ko‘nglimda borim” nomli she’riy to‘plam taqdimoti tadbirning mazmunli o‘tishini ta’minladi.
San’atsevar askarlar tomonidan jonli tarzda mehmonlarga ijro etilgan qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir so‘ngida qoraqalpoqning taniqli xalq rassomlari tomonidan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mazmunli va taassurotlarga boy o‘tgan ijodiy uchrashuv xususida harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Oybek Mamadaliyev shunday deydi:
— Askarlarning san’atga va kitobxonlikka qiziqishlarini oshirish maqsadida bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu galgi tadbirimiz noan’anaviy tarzda bo‘lib o‘tdi. Askarlar rassom ijodini o‘rganish bilan bir qatorda, rasm chizish sirlarini ham oz bo‘lsa-da o‘rganib oldi. Harbiy qismimizda askarlar uchun tasviriy san’at to‘garagini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bir yillik harbiy xizmatdan so‘ng armiyada o‘rgangan bilimlari, kun kelib asqotishi mumkin.
Izoh (0)