O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Markaziy harbiy okrugi qo‘mondonligi tashabbusi bilan 17-iyul kuni Jizzax viloyatidagi Forish tog‘ poligonida internet nashrlari hamda mustaqil faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida harbiylashgan musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu musobaqa va press-turni Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati tashkil etdi. Ushbu press-tur va musobaqada yetakchi elektron OAV vakillari, taniqli blogerlar va bir nechta telekanal xodimlari ishtirok etdi.
Kecha shu press-tur va musobaqada ishtirok etish uchun Markaziy harbiy okrug Forish tog‘ poligoniga “Daryo” kolumnisti sifatida hamda “Bugunning gapi” Telegram-kanali nomidan qatnashdim. Bir guruh jurnalist va blogerlar bilan tashrif davomida o‘q otish musobaqasidan tashqari, zirhlangan “Tayfun” harbiy mashinalarida poligon bo‘ylab yurdik, shuningdek, poligonda harbiylarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik.
Mudofaa vazirligi miqyosida birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa shartlariga ko‘ra, jurnalist va blogerlar poligonda o‘q otish mashqlarini bajarib, har biri pistoletdan merganlik qobiliyatini sinovdan o‘tkazishdi. Shu bilan birga, musobaqa ishtirokchilari jangovar texnikalardagi ekipaj tarkibida 10 kilometrga harakatlanishda ishtirok etdi.
Pistoletdan o‘q otish musobaqasida ayrim jurnalist va blogerlar merganlikda harbiylardan qolishmasliklarini ko‘rsatdilar va yuqori ballarni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, asosiy tadbirda harbiy orkestr va qo‘l jangi chiqishlarini tomosha qildik. Ochig‘I, qo‘l jangi chiqishlarini avvallari faqat kadrda tomosha qilganman. Jonli tomosha qilganda ancha qiziqarli bo‘larkan. Shuningdek, qo‘l jangi chiqishlarida ishtirok etgan harbiylarning qanchalik chiniqqan va mashqlarda toblanganlarini shu qo‘l jangi chiqishlarida ko‘rdik.
Tanlov yakunida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov bilan davra suhbati o‘tkazildi va otish tayyorgarligidan eng yuqori natija ko‘rsatgan ikki nafar jurnalistga qo‘mondonning maxsus sovg‘asi topshirildi.
Davra suhbati ancha qiziqarli tarzda o‘tdi. Polkovnik Saidovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu press-tur va OAV xodimlarini taklif etib musobaqa o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston armiyasining salohiyatini aholiga bildirish va ularga O‘zbekistonning ishonchli qo‘llarda ekanini ko‘rsatishdir.
Musobaqaning barcha ishtirokchilariga esdalik uchun harbiy anjomlar berildi.
Shundan so‘ng mehmonlar uchun Markaziy harbiy okrug, Jizzax harbiy orkestri va san’atkorlari tomonidan konsert uyushtirildi.
Poligon harbiy o‘quv mashqlari uchun juda qulay joyda joylashgan ekan. Poligon joylashgan hududning katta bir qismi dala bo‘lsa, yana bir qismi tog‘larga tutashib ketgan.
Poligonda nafaqat harbiy o‘quv mashqlari uchun, balki harbiylarning mashqlardan bo‘sh vaqtlarida madaniy hordiq chiqarishlari uchun ham hamma sharoit a’lo darajada qilib qo‘yilgan.
Poligonda harbiylar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib armiyamiz Markaziy Osiyoda eng kuchli armiya, MDH mamlakatlari armiyalari orasida yuqori o‘rinlarda, dunyo mamlakatlari armiyalari reytingida kuchli elliktalikda bo‘lishini sababini tushunganday bo‘ldik.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy harbiy okrugi Prezident tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiy bo‘linmalari Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Izoh (0)