Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida joylashgan Sudochye ko‘llar tizimida joriy yil 4-iyul kuni sodir bo‘lgan yong‘in ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Ikki kundan ortiq vaqt davom etgan olov oqibatida 278 gektar maydondagi qamishzorlar yonib ketgan. Jiddiy talafotlar, ya’ni odamlarga va hayvonot dunyosiga zarar yetmaganligi haqida mutasaddi tashkilotlar xabar qildi.

Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas yana o‘sha ko‘ldagi qamishzorlarda yong‘in sodir bo‘lib, 2-3 gektar ochiq maydonda qamishlar yonganligi haqida xabar tarqaldi.

4-iyul kungi yong‘inni Orol dengiziga borib kelayotgan sayyohlar rasmga tushirib, Nukusga kelgandan so‘ng tarqatib yubormaganda, yana qancha vaqt xabarsiz qolib ketish mumkin edi — aytish qiyin. Yong‘in haqida o‘z vaqtida ko‘ldagi baliqchilarning xabar qilmagani esa tushunarsiz holat. Ekspert guruhi ancha kech yo‘lga otlandi. Sudochye ko‘li Nukusga qariyb 200 kilometr. Unga Ustyurt platosi orqali notekis yo‘llarda boriladi. Maxsus transportda kamida 4 soatlik yo‘l. Yetib borgani bilan suv o‘rtasidagi qamishzorlarga kirib borish va yong‘inni bartaraf qilish ham oson ish emas.

Qoraqalpog‘iston Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rasmiylari qayd etishicha, sodir bo‘lgan yong‘in qayiqlarda suzib borilib o‘chirilgan. Olovning so‘nishiga shu kunlari yog‘gan yomg‘ir ham ma’lum darajada yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Har yilgi kuz mavsumida mahalliy aholi tomonidan mollarga oziqa qilish uchun yangisini o‘stirish maqsadida qamishzorlar yoqib yuborilar edi. Ma’lumki, bu paytda ham Sudochyeda qushlar saltanati hukm surayotgan bo‘ladi. Shimolga uchib ketgan qushlar kuzda yana janubga qaytishida Sudochyeda ma’lum vaqt dam olib ketadi. Oxirgi yillarda flamingo qushlarining ko‘plab kelishi xorijiy va mahalliy sayyohlarning ham ushbu ko‘lga qiziqishini orttirgan edi.

Aytgancha, bundan buyon ko‘ldagi qamishlar sanoat uchun ham kerak. Mo‘ynoqda qad rostlayotgan DSP zavodlariga ishlatiladigan xom ashyoning aksariyati aynan shu ko‘ldagi qamishlardan olinadi.

Mo‘ynoq tumani hududidagi ko‘llar qamishzorlarga boy. O‘zbekiston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 57 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 78 foizi Mo‘ynoq tumaniga, jumladan 50 ming gektardan ortiq maydonga ega Sudochye ko‘li hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Mutaxassislarning fikricha, ko‘ldagi muammolar faqat bu emas. Ko‘ldagi suvning barqaror bo‘lmasligi va noqonuniy ovchilik ham tabiatga ancha zarar keltirmoqda. Sudochye ko‘lidagi baliqchilik xo‘jaligi ham kutgan natijani bermaydi.

— Sudochye ko‘llar tizimi avval “Mo‘ynoq akva sanoat” DUK huzurida edi va endi davlat buyurtma qo‘riqxonasiga aylantirilmoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Asxat Salixov. —Prezidentning 2019-yil 20- martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur ko‘llar tizimi Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga berildi. Bundan buyon noqonuniy ovchilik va qamishlarni yoqib yuborish batamom bartaraf qilinadi. Qamishlarni o‘rib olish ham belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Moliya
O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingi yangilandi. Nimalar o‘zgardi?
Mahalliy
Davletmurat Tajimuratov 16 yilga qamaldi, jurnalist Lolagul Qallixanova sud zalidan ozod qilindi 
Sport
Figurali uchish bo‘yicha O‘zbekistonning 10 karra chempioni Tatyana Malininaning 18 yoshli o‘g‘li AQSH chempioniga aylandi