Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi nuroniylar Jaloliddin Yo‘lchiboyev, Kimsanboy Mamatqo‘ziyev hamda Tojimuhammad Orziboyevlar Andijondan Xivaga velosipedda borib qaytdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Ravshanbek Mamajonovning ma’lum qilishicha, ikki ming kilometrdan ziyod yo‘lni bosib Xiva shahriga yetib borishni maqsad qilgan bir guruh nuroniylar bundan bir oy avval Qo‘rg‘ontepadan velosipedda yo‘lga chiqqan. Ikki haftada manzilga yetib borgan otaxonlar ikki kun qadimiy shaharda bo‘lib ortga qaytgan va 10-iyul kuni o‘z uylariga eson-omon yetib kelgan.

Foto: “Daryo”

— Salkam bir oy davom etgan sayohatimizning o‘ziga xos sinovlari biz keksa avlod vakillarini turli chig‘iriqdan o‘tkazdi, — deydi Jaloliddin Yo‘lchiboyev. – Aslida biz olti kishi yo‘lga chiqqan edik. Afsuski, Sirdaryo viloyatiga yetganimizda guruhimizning eng yoshi ulug‘i, yetmish besh yoshni qarshilagan Maqsudxon A’zamxonovning salomatligi biroz bezovta qildi va u shu sabab safarni o‘sha yerda to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Chunki, kun sayin haroratning ortib borishi, ayniqsa dasht va sahrolar orasidagi harakat oqsoqolni biroz qiynab qo‘ydi. Abdulahad Turdiyev va Umrzoq Haydarovlarning “tulporlar”i esa Samarqand shahriga kirib kelganimizda safarga dosh berolmadi. Ular ham velosipedlari ishdan chiqqani bois ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib marraga uch oqsoqol – Jaloliddin Yo‘lchiboyev, Kimsanboy Mamatqo‘ziyev hamda Tojimuhammad Orziboyevlar sog‘-salomat yetib keldi.

Foto: “Daryo”

— Qadim Xorazmning tarixiy va fusunkor shahri Xiva bizni quchoq ochib qarshiladi, — deydi Kimsanboy ota Mamatqo‘ziyev. — Shuncha yo‘lni velosipedda bosib kelganimizga ba’zida o‘zimiz ham qoyil qolyapmiz. Negaki, mezbonlar bizning hikoyalarimizdan, safar taassurotlarimizdan lolu-hayron. Rost-da, o‘zi ham bir umrga unutilmaydigan sayohat bo‘ldi. Shu bahona yurtimizning batakror manzaralari, tog‘u-toshlar, qir-adirlar, cho‘lu-biyobonlar, gullagan shahar va qishloqlarni ko‘rib ko‘zimiz quvnadi.

— Yozgi haroratning ortib borishi, texnik imkoniyatlar bizning rejamizni o‘zgartirib yubordi, — deydi Tojimuhammad ota Orziboyev. – Shu sabab ortimizga tezroq qaytdik. Rejadagi janubiy yo‘nalish keyingi safar zabt etiladi. O‘shanda shimoliy yo‘nalishimiz ham Qozog‘istonning Ostona (Nursulton) shahrigacha boradi.