Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy qismlaridan birida o‘zbek va qoraqalpoq xalqining faxriga aylangan, afsonaviy jirovlar shogirdi, “Nihol” mukofoti sovrindori Salomat Ayapov bilan ijodiy uchrashuv uyushtirildi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma'lum qildi.
Ayni vaqtda Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni xizmatchisi Salomat Ayapov bir oylik harbiy xizmatni o‘tamoqda.
Salomat Ayapov – 2011-yili Nukus madaniyat va san’at kollejining cholg‘u ijrochiligi (qo‘biz) mutaxassisligini tamomlab, shu yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining bakalavr bosqichiga o‘qishga kiradi. 2016—2018-yillarda Samarqand davlat universitetining magistraturasida tahsil oladi. Bolalik chog‘laridanoq musiqa san’atiga oshno bo‘lgan Salomat qo‘biz cholg‘u asbobida jirov aytishning sir-saboqlarini chuqur o‘rganib, shu san’at turi bo‘yicha ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Vengriya, Boshqirdiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Estoniya va Qozog‘iston kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro doston ijrochilarining tanlov va anjumanlarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritadi.
Olis viloyatlardan kelgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda Salomat yoshlarga jirov san’at turi va qo‘biz milliy cholg‘u asbobining yaratilish tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlarni aytib berdi. U “Alpomish”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Yedige” kabi dostonlardan parchalar kuylab, askarlarni hayratda qoldirdi.
“Baxshichilik haqida eshitgandim. Bugungi uchrashuvdan keyin o‘zim uchun yana bir yangi san’at turini namoyon qildim”, – deydi toshkentlik muddatli harbiy xizmatchi Muslim Qurbonov. – Jirovlar faqatgina botirlik va qahramonlik dostonlarini kuylar ekanlar. Jirov kuylarida qo‘bizdan chiqayotgan ohang dostonning yanada ta’sirchanligini oshirib, qoraqalpoq xalqining milliy madaniyati kuylar sehrida jilvalanashini his etdim. Har bir xalq madaniyati o‘ziga xos va rang-barang. Xizmatim tufayli qoraqalpoq xalqi va madaniyati bilan tanishishlik menda katta tassurrotlar uyg‘otmoqda.
Tadbirda SChR bataloni xizmatchilari Salovat Xo‘jamuratov va Nursultan Xo‘shanov milliy cholg‘u asboblari yordamida ijro etgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
https://www.youtube.com/watch?v=0TOJJ8OcgSU&feature=youtu.be
Izoh (0)