2019-yilning 6—8-sentabr kunlari Xiva shahrida “Kamondan otish va milliy o‘yinlar xalqaro festivali”ni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda MOQ rasmiy saytida xabar berildi.
Mazkur festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad yo‘qolib borayotgan milliy o‘yinlarni tiklash, ularni keyingi avlodga yetkazishga qaratilgan.
Ushbu festivalni yuqori saviyada tashkillashtirish maqsadida 8-iyul kuni Milliy olimpiya qo‘mitasiga Butunjahon etnosport konfederatsiyasi vakillari Yosin Tutunju hamda Solih Aksu tashrif buyurdi. Ularni MOQ bosh kotibi Jasur Matchonov kutib oldi.
“Kamondan otish tarixdan ota-bobolarimizning sevimli mashqi bo‘lib kelgan. Birgalikda mana shunday sport turlarini tiklayotganimizdan mamnunman. Mazkur tadbirni o‘tkazish uchun Xiva shahri tanlab olingani ham bejiz emas. Bu shahar “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomi bilan YUNESKO qaramog‘iga kiritilgan. Mana shunday joyda milliy o‘yinlarimizni targ‘ib qiluvchi festival o‘tkazish esa yo‘qolib borayotgan qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida qilingan samarali ishdir. Bu yilgi tadbirda faqat o‘zbek milliy o‘yinlarini olib chiqish rejalashtirilgan. Ammo buni kelajakda qo‘shni va qardosh xalqlarning qadriyatlarini, o‘yinlarini birlashtiruvchi festivalga aylantirish niyatidamiz”, — dedi Jasur Matchonov.O‘z navbatida xalqaro ekspert ham festival doirasida olib borilayotgan tayyorgarlikka baho berib, aytib o‘tilgan takliflarga o‘z fikrini bildirdi.
“O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi vakillari menga musobaqa o‘tkazish yuzasidan tayyorlangan taqdimotni ko‘rsatishdi. Haqiqatdan ham juda chiroyli joy tanlab olingan. Bunday festivallarni o‘tkazish yosh avlodga tarixini anglash uchun xizmat qiladi. Nasib qilsa, bundan ham yirik loyihalar ustida ish olib boramiz. Dunyoda sanoqli mamlakatlargina bunday tadbirlar o‘tkazishadi”, — dedi Yosin Tutunju.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)