2019-yil 7-iyul kuni “FayzbogUz” kanalida Yozyovon tumani Ichki ishlar bo‘limi sobiq xodimi Azizjon Yusupovning ichki ishlar organlaridan nohaq bo‘shatib yuborilganligi haqida jurnalist bilan bo‘lgan suhbati tarqaldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qiladi.
Aniqlanishicha, Azizjon Yusupov Yozyovon tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori (bo‘shatilgunga qadar kapitan unvonida bo‘lgan) lavozimida ishlagan.
U ichki ishlar organlarida 2005-yilning iyul oyidan 2019-yilning yanvar oyiga qadar xizmat qilgan. A.Yusupov xizmat faoliyati davrida o‘zini faqatgina salbiy tomondan ko‘rsatib, yomon xulqi bilan sog‘lom muhitga ta’sir ko‘rsatib kelgan. Ish faoliyati davomida muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi uchun, unga nisbatan 10 dan ortiq xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, bir necha marta intizomiy javobgarlikka tortilgan. Biroq A.Yusupov bulardan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmaganligi sababli, 2018-yilning 3-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan Attestatsiya komissiyasining xulosasiga asosan ichki ishlar organlaridan bo‘shatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
A.Yusupov jurnalistga bergan intervyusida, bo‘lim boshlig‘i X.Toshpo‘latov onasidan so‘kkanligi holati bo‘yicha A.Yusupov yuqori turuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilmaganligi sababli uning vajlarini o‘rganish imkoniyati bo‘lmadi. Shuningdek, intervyuda A.Yusupov 2018-yil avgust oyida fuqarolik sudiga chaqirtirilganida, tuman IIBda majlis bo‘lganligi, ertasi kuni bo‘lim boshlig‘i X.Toshpo‘latov chaqirtirib, “nega kelmading” deb yosh kadrlar orasida shaxsiyatiga tekkanligi va shu sababli boshlig‘iga baqirib yuborganligini aytgan. Aniqlanishicha, A.Yusupov 2018-yilning avgust oyida Yozyovon tumani IIBda yig‘ilish o‘tkazilganida, o‘z rahbariyatiga axborot bermasdan, ushbu yig‘ilishga qatnashmaganligi sababli, X.Toshpo‘latov tomonidan unga e’tiroz bildirilganda, Rishton tumani fuqarolik sudiga borganligini vaj qilib, o‘z rahbarlariga nisbatan nosamimiy munosabatda bo‘lgan. Vaholanki, xodimning xizmat joyidan boshqa joyga borishi bevosita rahbarining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ushbu holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, A.Yusupov rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlarini belgilovchi normalarga zid ravishda harakat qilganligi sababli, unga intizomiy ta’sir chorasi ko‘rilgan.
A.Yusupov huquqshunoslik ma’lumotiga ega bo‘lib, huquqi buzilgan taqdirda viloyat IIB yoki IIV rahbariyatiga murojaat qilishi mumkinligini yaxshi biladi. Biroq ushbu holatlar bo‘yicha biror joyga murojaat qilmagan. Shuning uchun A.Yusupovning ushbu vajlarini ham asosli deb bo‘lmaydi.
A.Yusupov jurnalist bilan suhbatda, rahbari tomonidan uning xizmat hududi o‘zgartirilganidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashib, shifoxonada davolanganligi, shu sababli viloyat IIB boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda X.Toshpo‘latov uni sababsiz kelmagan deb xabar bergani haqida gapirganlari o‘rganildi. Ichki ishlar organlarida o‘rnatilgan amaldagi tartib bo‘yicha xodim kasal bo‘lsa, bevosita rahbarlarga ma’lum qilgan holda tibbiyot muassasalarida davolanishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lishiga qaramasdan, A.Yusupov xabar bermagan va 2018-yil 12-sentabr kuni boshqarma boshlig‘i huzuridagi yig‘ilishda qatnashmagan.
A.Yusupov intervyusida attestatsiya komissiyasiga ikki-uch kun oldin xabar berilishi kerak bo‘lganligi, biroq attestatsiyaga bormaganligi, keyinchalik tuman IIB boshlig‘i X.Toshpo‘latov uni qora ro‘yxatga tirkab bervorganligi, oqibatda uni ishdan bo‘shatishganligi bo‘yicha keltirgan iddaosi ham o‘rganildi. Ichki ishlar organlarida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha, tizimda ishlovchi xodimlarni yuqori lavozimga qo‘yish, unvon berish va intizomiy choralarni qo‘llash maqsadida, ular Attestatsiya komissiyasiga qo‘yilishi ko‘rsatilgan. Attestatsiya komissiyasida qaror kollegial tartibda qabul qilinib, hech qanday adovatli holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. A.Yusupovning Farg‘ona viloyati IIB Attestatsiya komissiyasiga qo‘yilishiga, uning muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi hamda qo‘llanilgan choralardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmaganligi asos bo‘lgan. Shuningdek, Yozyovon tumani IIB rahbariyati A.Yusupovni Attestatsiya komissiyasiga qo‘yilganligi haqida rasmiy ravishda ogohlantirib, ushbu holat fotosuratga olingan. Lekin A.Yusupov Farg‘ona viloyati IIBning Attestatsiya komissiyasiga nisbatan hurmatsizlik qilib, ikki marotaba sababsiz ravishda qatnashmagan va shu sababli, u me’yoriy hujjat talablariga ko‘ra ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan.
Jurnalistlar va blogerlar ularga kelgan murojaatni tarqatishdan oldin faqat bir tomonning fikri bilan cheklanmasdan, ikkinchi tomonning ham fikrini inobatga olsa yaxshi bo‘lardi. Shunda xolis material tayyorlagan, ijtimoiy tarmoqlar orqali Sizning materialingiz bilan tanishgan foydalanuvchilarning fikrini chalg‘itmagan va qonun doirasida amalga oshirilgan ishlarni yoritishda foydangiz tekkan bo‘lardi. Tarixda “Bir tomonning ko‘rsatmasi bilan chiqarilgan xulosa noxolisdir” degan ibora bejizga aytilmagan, deyiladi xabarda.
Izoh (0)