“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Adolatning bog‘langan ko‘zlari

Qadimgi yunonlarning adliya ma’budasi Femidaning ko‘zi bog‘liq tasvirlanganiga e’tibor qilganmisiz? Bu xolislik, betaraflik ramzidir. Kimgadir achinmasligi uchun emas, faqat bir tarafga yon bosib qo‘ymasligi uchun ko‘zi bog‘langan. Chunki u qonun va adolat ramzi, qonun oldida esa hamma teng bo‘lishi kerak.

Foto: Google Photos

Bizga ko‘pxudolik xos emas. Ammo bordi-yu Femidani tasvirlashga ehtiyoj tug‘ilsa, uning ko‘zidagi bog‘ichni yechib tasvirlash kerak bo‘ladi. Bog‘ich yo‘q, ko‘zlar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri mahkumning cho‘ntagiga lo‘q qarab turgan holda tasvirlasak bo‘ladimi? Juda qo‘pol chiqdi, demang. Shu kunlarda katta miqyosda bu holning guvohi bo‘lmoqdamiz.

15 yil sobiq bosh prokuror lavozimida ishlagan inson pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilsa, ammo yoshi tufayli o‘n yilga hukm qilinsa, yumshoq qilib aytganda g‘alati. Yoshi sababli kamroq muddat berilibdi. Yoshi 60 dan oshgan boshqalarga ham shunday yengillik mavjudmi? Shubha qilaman.

Gulnora Karimovaning qizi iyun oyida DXX raisi va Bosh prokuraturaga onasiga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida ariza yozgandi. Ko‘rgani bormagan mas’ul qolmadi. Shveysariyalik ajnabiy advokati kelib, Zangiotada soatlab kutib o‘tirdi. Bir hafta o‘tgach, Ombudsman borib kardiologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar yordamida oliy maqomli mahbusaning holatini o‘rganilganligi haqida axborot berdi. Buning ustiga, Adliya vazirligi ayollar koloniyasida maxsus o‘rganish o‘tkazdi.

Hammasi yaxshi... faqat boshqa mahkumlarning arizalari shunchalik sinchiklab o‘rganiladigan davrga qachon kelamiz? Har o‘n mahkumdan yetti-sakkiztasi hech bo‘lmasa bir marta ariza yozadi. Ammo ularga “to‘g‘ri tushuntirib yuboriladi” yoki maktubi tashqariga chiqarmay qo‘yaqolinadi. Mahkumlarning xatlari ikki oylab kechikadi. Ammo mudrab yotgan qonun-qoidalar boyga kelganda motordek ishlab ketadi.

Qoziq aylanayotgan fillar

Foto: “Kun.uz”

Yozishlaricha, Hindistonda zanjirlab qo‘yilgan bir fil qoziqning atrofida ellik yil aylanibdi, zanjirni yechib yuborishsa ham qoziq atrofida yana ellik yil aylangan ekan. O‘rganib qolgan-da. Kosonsoyda o‘qituvchilarga beton quydirishganini ko‘rib, shu voqea esimga tushdi. Yo‘q, o‘qituvchilarni kamsitmayapman (aslida ularni boshqalar kamsityapti), ammo butun boshli davlatning qonunlari-yu qarorlari, huquqshunosdan tortib vazirgacha o‘qituvchini majburan ishlatilishini taqiqlab turgan bir vaqtda indamay qo‘lga kurak olish ham maqtagulik holat emas-da.

Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak: huquq tepadan berilmaydi, pastdan olinadi. Ortiqcha ish buyursa, bosh tortish, vazirlik saytiga, Telegram kanaliga, portalga shikoyat qilish, boringki, sabotaj qilish imkoniyati hamisha bor. Bilasizmi, o‘qituvchilar yoppasiga paxtaga haydalgan yillarda ham “zakonchi”ligidan, “yozuvchi”ligidan paxtaga chiqarilmagan maktablar bor. Ularning tajribasini mamlakat bo‘ylab yoyish kerak.

Shunaqa gaplar. Bu gal davlat tomon bo‘lib aytamanki, hukumat o‘qituvchining nufuzini ko‘tarish uchun astoydil urinyapti, o‘zimiz tomondan ham harakat bo‘lishi lozim. Aks holda zanjirining atrofida yana 50 yil aylangan filga o‘xshab qolamiz.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.