“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Yolg‘onchi blogerlar

Blogerlar haqida yangi latifa to‘qishibdi: blogerlarni olib ketayotgan avtobus avariyaga uchrabdi. Qutqaruvchilar kelsa, avtobus majaqlangan, blogerlar yo‘q. Mahalliy chollarning biridan so‘rashsa, “ichidagilarni ko‘mib qo‘ydim”, debdi. “Eh, attang, birortasiyam tirik qolmaptimi?” deyishsa, chol qurg‘ur “Bittasi ‘otaxon, men tirikman’, deb ingradi, lekin uning gapiga kim ham ishonardi”, dermish.

Qalang‘i-qasang‘i blogerlarning yolg‘on-yashig‘idan bezor bo‘ldik, deyishmoqchi. Ochig‘i, latifani qiziqchi boladan eshitib avval bir g‘ijindim. Blogerlarni bugun jamiyat islohotchisi jadidlarga qiyoslab turishganda, taniqli blogerlarga davlat mulozimlari ehtirom ko‘rsatayotganda bunaqa latifa g‘ashingni keltiradi-da. Ehtiyotkor oqqushlar orasida o‘zingni juda bir qahramon hisoblamasang ham, boshingga tashvish kelishidan qo‘rqmay yozayotganing uchun qandaydir bir alohida shaxs hisoblaging keladi.

Ammo bu to‘g‘rimi? Stereotip degan narsalar bor. Biror-bir narsaga nisbatan o‘rnashib qolgan qolip tushuncha, tasavvur. Deylik, prokuror, militsiya deganda poraxo‘rlikni, shou-biznes deganda axloqsizlikni, harbiylar deganda to‘porilikni, deputat deganda qarsakbozlikni xayolimizga keltiramiz. Bu stereotiplar latifalarimizgacha urib ketgan. Ha, yahudiy pishiq-puxta, chukcha sodda, arman uddaburon, afg‘on an’anador, hind raqqos, rus ichkilikboz bo‘ladi, degan tasavvurlar miyamizga o‘rnashgan. Aslida bular juda yuzaki tasavvurligini hammamiz yaxshi bilamiz, chunki ruslarning hammasiyam piyonista emas, soddaroq yahudiy ham bo‘ladi. Deputatlar orasida jonkuyarlari bor, halol militsiya xodimlari ham ko‘p. Xo‘sh, ular o‘zi haqidagi latifani eshitmaganmi? Deputatlarning ustida kulib chizgan karikaturalarimizni, memlarimizni o‘zlari ko‘rmaganmi? Ko‘rgan, eshitgan, albatta. Ammo stereotipni o‘zgartirish uchun butun bir avlod umri kerak bo‘ladi, ba’zan.

Xo‘sh, og‘ayni, biz blogerlar nima qilamiz? Nima qilardik, yo‘limizda davom etamiz. Yolg‘on yozmaslikka/chizmaslikka, yolg‘onga e’tibor bermaslikka tirishamiz. Latifalarga esa jirillamasdan toqatli bo‘lamiz. “Hammasiyam emas” deb diskleymer (olifta so‘z uchun uzr) tirkashga shoshmaymiz. Xursand bo‘l, birad, seni tan olishyapti. Kun kelib blogerlar rostgo‘y toifa edi, deb eslashsin.

Eng arzon narsa

Foto: “Xabar.uz”

Eng arzon va beqadr buyumni bilasizmi? Yelim baklajka emas. Polietilen paket ham emas. Tizer’ning yutuqsiz qopqog‘i emas. Qo‘yning terisiyammas. Bu Cobalt mashinasidir.

Dastavval egizaklarga sovg‘a qilishdi. Hammasigayammas, tegishli ismlar qo‘yilganlariga. Urfiy ism qo‘yganlarga Cobalt shartmas. Jurnalistlar boshida tanqidga bir oz andisha qildi. O‘zbekchilikda farzand dunyoga kelishi bayram, chaqaloq shirin, harqalay, Cobalt’chilik modasiga nordon gaplar aytishdan tiyilishdi. Ammo qo‘lbola hotamtoylikdan boshlangan odat modaga aylanib, odamlar tamagirlikkacha yetib borayotganida tanqid ham qilindi. Ammo Cobalt’ning qadri bu bilan qimmatlashib qolmadi. Kann festivalida Gran-pri laureati bo‘lgan talabaga idish-tovoq sovg‘a, ammo besh tashabbus haqida she’r mashq qilgan qizaloqqa yana Cobalt. She’rni o‘qib, yumshoqroq aytganda bir mashq ekan-da, deb qo‘yasan kishi. O‘zAning yozishicha, bu she’rni tumandagi katta-yu kichik tun-u kun xirgoyi qilib yurganmish. Ha, Sherali-yu Yulduzlar ham yuribdi-da mashhurman deb. She’rni siz ham o‘qing.

Besh tashabbus

Besh tashabbus kashf etildi,

Yaratildi, yetildi.

O‘qildi Gulistonda,

Ish boshlandi Bo‘stonda.

...

Kompyuter bor har uyda,

Goh kunduzi, goh tunda.

Internetni yoqamiz,

Keng olamga boqamiz.

Bu ham bir ajib tuzoq,

Kirib ketmangiz uzoq.

Afsus qilasiz keyin,

Chiqish juda ham qiyin.

...

Yurtboshim bo‘ling omon,

Siz doimo xalq tomon.

Yurtimiz tinch, el totuv,

Kimlargadir bu orzu.

Sizda Temurning qoni,

Siz chin O‘zbek o‘g‘loni.

Cobalt arzonligiga ishonch hosil qildingizmi?

Gulnora opa, cho‘ntak baquvvatmi?

Bugun “Sof.uz” Telegram-kanalida “Sizningcha, Gulnora Karimovani ozod qilish kerakmi?” degan anonim so‘rovnoma e’lon qildi. So‘rovnoma mingdan ortiq munosabat to‘plagan bo‘lsa, eng ko‘p (49 foiz) ovoz beruvchilar uni ozod qilib, mablag‘idan taraqqiyot yo‘lida foydalanish kerakligini ma’qulladi. So‘rovnomaga turli vaqtlar orasida 4–5 marta qayta-qayta mo‘raladim. Qizig‘i, uni ozod qilish va ozod qilmaslik tarafdorlari ovozidagi tafovut birinchi guruh foydasiga hamisha 10–12 foiz farq bilan saqlanib qoldi.

Skrin: “Daryo”

Voqea. Taksida bir yoshroq yigitcha bilan hamsuhbat bo‘ldim. Mashinada qoida buzib, o‘n kuncha o‘tirib chiqqanini aytdi. “Jarima to‘lasangiz bo‘lmasmidi?”, deb qiziqdim. Aytishicha, bir necha million so‘mlik jarima solishgan, unda esa buncha pul bo‘lmagani uchun hibsda o‘tirish variantini tanlagan. Jazoning turlariga e’tibor qiling: yo pul, yo hibs. “Yo mol, yo jon” savoliga uyqashligini aytmaysizmi?

Yana bir voqea. O‘rtahol odamni bir boymat Prado’sida urib ketdi. Tabiiyki, shifoxona xarajatini ko‘tardi, mehribonchiliklar qildi va oxirida qamatishga da’vo qilmasligi uchun jabrdiydaga uy olib berishni taklif qildi. Nogiron bo‘lib qolgan jabrdiydaning bolalari ko‘p. Qamatsa, sigiri egizak tug‘armidi? Erta-indin amnistiyaga tushib qaytib keladi. Bo‘lar ish bo‘ldi, Xudoning ishi, o‘zingni o‘ylasang-chi, uqtiradi odamlar. 90 foiz odam bunday holda uyni tanlaydi.

Ha, opaning pullarini olish kerak. Va bu mablag‘ni xayriyaga sarflash kerak. Oqqon bo‘lgan go‘daklar, saratonga chalingan kambag‘allar ozmi? Uysizlarga uy beramiz, yangi ish o‘rinlari yaratamiz. Bir ayol qamoqda o‘tirsa, dunyo adolatga to‘larmidi, shuncha qiynalgani yetar. Qolaversa, katta g‘aznaga pul chaqirish uchun turli jarimalar o‘ylab topilayotganda mo‘may mablag‘ havodek zarur axir. Ovoz berganlarning 49 foizi shuni o‘ylagan bo‘lsa ajab emas.

Endi tanganing ikkinchi yog‘iga qaraymiz. 1 milliard o‘marib, qo‘lga tushding. Ammo 900 millionni davlatga topshirib, o‘zing 100 million bilan qolding. Yomonmas-a? Ha, faqat senga yomonmas. Jamiyat uchun esa bu tuzalmas kasallikni yuqtirishdir. Demak, mumkin ekan, degan tushuncha odamlar ongiga o‘rnashadi. Qo‘yvorishadi, qarabsizki, ertaga Instagram’da sohildagi soyabonli oromkursida o‘tirgan fotosuratini tomosha qilamiz. Mingni o‘marsang — o‘g‘risan, milliardni o‘marsang — uddaburonsan. Shuning uchun adolat-padolat, qonun-ponun degan gaplaringdan qorin to‘ymaydi, ukam, boylarni sog‘ish butun dunyoda an’anadir. Tasavvur qildingizmi, jinoyatchi jazolanmasa, adolatga ishonch qanday yo‘qolishini. Bu qarshilarning nuqtai nazaridir.

Shunday bo‘lsa-da, ozod qilishadi, deb o‘ylayapman. Chunki qonun himoyachilarimiz ham o‘zimizdan bo‘lganlardir.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.