2019-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 3 034 834 nafar sayyohlarni qabul qilgan. Bu haqida O‘zbekiston turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Akkulov bergan ma’lumotiga tayanib Sputnik xabar qildi.
Ushbu matbuot anjumani Samarqandda 9—10-iyul kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan MDHning birinchi sayyohlik yarmarkasi faoliyatiga bag‘ishlangan.
Akkulovning aytishiga qaraganda, O‘zbekistonga 2019-yilning birinchi yarmida 2,5 million sayyoh kelishi rejalashtirilgan edi, lekin sayyohlar soni 3 million kishidan oshdi.
Eng ko‘p sonli mehmonlar qo‘shni Qozog‘istondan tashrif buyurdi — 175 ming kishi, Qirg‘izistondan — 98 ming kishi, Tojikistondan — 92 ming kishi, Turkmanistondan — salkam 42 ming kishi, Rossiyadan — 40 ming kishi.
Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan oy — may oyi bo‘ldi. Ushbu davrda O‘zbekistonga 452 ming turist tashrif buyurdi. Ulardan 45 mingi — uzoq xorjiy mamlakatlardan.
Abdulaziz Akkulovning aytishiga qaraganda, O‘zbekistonga yanada ko‘proq sayyohlar jalb qilish maqsadida hukumat tomonidan barcha harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vazir viza tartibi soddalashtirilganini hamda yangi mehmonxonalar qurilayotganini qayd etdi. Shuningdek, Akkulov O‘zbekistonda transport tizimi hozircha yetarli darajada rivojlanmaganini hamda chiptalar narxi ham biroz qimmatligini ham aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2025-yilga qadar sayyohlik sohasida olinayotgan daromadlarni 2 milliard dollarga yetkazishga qaror qilgan.
Izoh (0)