Italiyaning Neapol shahrida bo‘lib o‘tayotgan yozgi Universiada o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha musobaqalarning uchinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi medal qo‘shildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyaga navbatdagi medalni o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, kattalar orasida Osiyo chempioni Diyora Keldiyorova taqdim etdi.
6-iyul, shanba kuni -52 kg vazn toifasida o‘tkazilgan bahslarda ishtirok etgan Keldiyorova musobaqadagi ishtirokini ikkinchi davradan boshlab, dastlab litvalik Gintaut Marsilionitni mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchinchi davra bellashuvida koreyalik Da Sol Parkka imkoniyatni boy berib qo‘ygan Keldiyorova bronza medali uchun kechgan o‘tish bahslarida Braziliya, Portugaliya va Mo‘g‘uliston vakillaridan ustunlik qildi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda germaniyalik Annika Vurfelni mag‘lubiyatga uchratgan Diyora Universiadaning bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)