Bugun, 28-iyun kuni Nukus shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Yoshlar kuni”ga bag‘ishlab Qoraqalpog‘istondagi kuch tuzilmalarining yosh harbiylari va xodimlari o‘rtasida “Bilimdonlar arenasi” intellektual o‘yini o‘tkazildi, bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma'lum qildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bellashuvda Mudofaa vazirligining “Amir Temur izdoshlari”, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining “Sarhad”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Tinchlik posbonlari”, Milliy gvardiyaning “Yosh gvardiyachilar”, Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Qutqaruvchilar” hamda Davlat bojxona qo‘mitasining “Bojxonachilar” jamoalari bilim sinashdi. Qizg‘in bahs va munozalarga boy o‘tgan “Bilimdonlar arenasi”da adabiyot, san’at, tarix, kabi fanlardan mantiqiy savollar o‘rtaga tashlanib, jamoalarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
“Bugungi intellektual o‘yindagi bellashuv biz yoshlarni yanayam ko‘proq kitob mutolaa qilishga chorladi. Bellashuvda kuchli jamoalar ishtirok etishdi va biz, ofitser va serjantlardan tarkib topgan raqib jamoalar bilan tengma-teng bellashdik”, — deydi Nukus garnizonidan muddatli harbiy xizmatchi Abdulla Sa’dullayev.
Intellektual o‘yin davomida goh u jamoaning, goh bu jamoaning bilim darajasi ustunlik qilib, hay’at a’zolarining adolatli sarhisobi natijasida faxrli 1-o‘rin “Qutqaruvchilar”, 2-o‘rin “Bojxonachilar” va 3-o‘rin “Tinchlik posbonlari” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, qimmatbaho sovg‘a hamda kitoblar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)