Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida viloyat hokimligi tomonidan aholi uchun kengaytirilgan qabul o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning sayyor qabulida turli muammolar bilan kelgan fuqarolar va yuridik shaxslarning og‘zaki murojaatlari tinglandi. Shuningdek, tuman va shahar hokimlari, korxona-tashkilot, boshqarma boshliqlari, huquq-tartibot organlari rahbarlari hamda tegishli mutasaddilar aholi bilan uchrashdi. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilib, “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo‘yicha berilayotgan imkoniyatlarni aks ettiruvchi stendlar, ta’minotchilarning mahsulotlari namoyish qilindi. Jumladan, bank muassasalari, mas’ul tashkilotlar mutasaddilariga zarur maslahatlar berilib, kelib tushgan murojaatlar yuzasidan amaliy choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bepul tibbiy ko‘rikda fuqarolar o‘z salomatligini nazoratdan o‘tkazib, zaruriy maslahatlar hamda davolanish uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.
““Andijon” telekanali orqali berilgan e’londan xabar topib, qabulga keldim. Tuman hokimining qabulida o‘z masalamni aytdim. Qisqasi, 17 yildan buyon psoriaz kasalligidan aziyat chekaman. Xastaligimni davolash uchun menga Ozarbayjon poytaxti Baku shahridagi Naftolan sanatoriysiga yo‘llanma beriladigan bo‘ldi. Neft vannasi shifo bo‘lar ekan. Murojaatlarni e’tiborsiz qoldirmagan mutasaddilarga rahmat”, — deydi Paxtaobod tumanining Madaniyat qishlog‘ida yashovchi R.Mamadaliyev.
Kun bo‘yi davom etgan muloqotda viloyatning turli hududlaridan kelgan jami 2293 nafar andijonliklarning murojaatlariga mutasaddilar quloq tutdi. Ularning bir yarim mingga yaqini ijobiy hal etildi. 867 nafariga esa tushunchalar berildi yohud o‘rganish uchun ijroga yo‘naltirildi. Xususan, shahar-tumanlar kesimida 323 nafar fuqaro murojaatlari bilan tanishildi. 131 nafari imtiyozli va tadbirkorlik kreditlari, 54 nafari elektr tarmoqlari yo‘nalishi hamda 28 nafari suv masalalari bo‘yicha murojaat qildi. Sog‘liqni saqlash, sud-huquq tizimi, prokuratura, ichki ishlar, ta’lim va boshqa sohalar yuzasidan 1707 nafar fuqaro muammolari o‘rganildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari A.Mavlonovning sayyor qabuli ham o‘tkazilib, fuqarolar o‘z savollari yuzasidan tegishli javobga ega bo‘ldi.
Izoh (0)