10-iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan intervyu va jurnalistlar bilan ochiq muloqotga Oliy sud munosabat bildirdi.
Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarma boshlig‘i Badriddin Shorixsiyev O‘zbekiston Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan ochiq muloqot jarayonida ko‘p bahsli holatlar, aynan propiskadan o‘tish jarayonida yuzaga kelayotganligi, Toshkent shahriga propiskaga o‘tish, qo‘pol qilib aytganda, “lazeyka” bo‘lib qolganligi, shunga qaramasdan, ko‘pchilik fuqarolar sudga murojaat qilishayotganligi, sud qaror chiqargandan keyin xodimlari fuqarolarni propiska qilayotganligi, bu masalada yuqori tashkilotlarga ma’lumot kiritilganligi haqida fikr bildirgan.
Ma’lumki, Toshkent shahrida fuqarolarni doimiy propiska qilish O‘zbekiston Respublikasining “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan tartibga solinadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-fevraldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma tasdiqlangan.
Mazkur Yo‘riqnomaning 4-bandiga ko‘ra, doimiy propiska qilish uchun ariza Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati tuman (shahar) Ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga taqdim etilishi ko‘rsatilgan.
Bu qoida talabidan ko‘pchilik, shu jumladan, IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarma boshlig‘i ham xabardor bo‘lsa kerak? Zero, birinchidan, mazkur qonun va Nizomda fuqaroni Toshkent shahriga sud qaroriga asosan propiska qilish haqida birorta qoida mavjud emas va sudlar buni yaxshi bilishadi.
Ikkinchidan, amaldagi FPK talabiga ko‘ra, sud tomonidan shaxsni turar joyga doimiy propiskaga qo‘yish yoki propiskadan chiqarish sudlar vakolatiga kirmaydi, bu Ichki ishlar organlarining mutloq vakolatiga berilgan.
Uchinchidan, sud statistikasi tahliliga ko‘ra, o‘tgan yillar mobaynida sudlar tomonidan kimnidir Toshkent shahriga ro‘yxatga qo‘yish, kiritish haqida bironta ham qaror chiqarilmagan, bu fakt.
Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, sudlar tomonidan uyga kiritish, merosni taqsimlash haqida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari fuqaroni uy ro‘yxatiga kiritishga asos bo‘lmaydi. Chunki uy ro‘yxatiga kiritishning yuqorida keltirilgan talablariga ko‘ra, uy mulkdorining roziligi talab qilinadi. Ya’ni sud, biron fuqaroni, aytaylik kelinni uyga kiritish haqida qaror chiqarishi uni faqat uyga kiritishga asos bo‘ladi, uy egalari roziligisiz uni ro‘yxatga qo‘yib bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, OAVda bunday noxolis, asoslanmagan fikrlar bildirilishi fuqarolar orasida sud orqali Toshkent shahriga doimiy propiskaga o‘tish mumkin ekan, degan noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, Ichki ishlar organi vakili o‘z fikrlarini yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga asoslanib, bildirilgan fikrlari sudlar faoliyati qonuniyligiga shubha tug‘ilishiga asos bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, xolis va haqqoniy izoh bersa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Dunyo tajribasida esa, noto‘g‘ri yoki asoslanmagan fikr bildirib qo‘ygan mansabdor shaxs tez fursatda o‘z xatosini to‘g‘irlab, uzr so‘raydi.
Izoh (0)