“Ma’rifat” gazetasi muxbiri Charos Yoqubovaning 13-iyun kuni “Jizzaxda maktab formasiga pul to‘lamagan o‘quvchi imtihonga qo‘yilmayapti” nomli maqolasi nashr etildi. Quyida maqola to‘lig‘icha keltiriladi.
Bu yil maktablarda yagona forma joriy etilishidan xabaringiz bor. Ushbu masalada ayrim maktab rahbarlarining noto‘g‘ri xatti-harakati noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, ba’zi ta’lim muassasalarida maktab formasi uchun pul to‘lamagan o‘quvchi davlat imtihonlariga kiritilmasligi haqidagi gap-so‘zlar quloqqa chalinmoqda. Aslida bu ishga maktabning aralashuvi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-avgustdagi “Davlat umumiy ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qaroriga binoan taqiqlangan. Unda o‘qituvchi nega bosh qotiryapti? Shusiz ham uning zimmasidagi vazifa kam emas-ku?!
Bu borada Jizzax shahridagi 2-maktabdagi vaziyat bilan tanishdik. Ma’lum bo‘lishicha, maktabda ota-onalar va tikuvchilik firmasi xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Shuningdek, ijrochi firmaning nomi, aloqa uchun telefon raqami e’lonlar doskasiga osib qo‘yilgan. Maktab bu jarayonga aralashmaydi.
Aslidachi, jarayon qanday ketmoqda?
— Kecha o‘g‘limizni yangi joriy qilingan forma bilan ta’minlashni zimmamizga olamiz, deb tilxat yozib bergan edik. Endi oldindan 100 000 so‘m to‘lab, bu haqida to‘lov qog‘ozi olib kelmasak, o‘g‘lim imtihonga qo‘yilmas ekan, — deydi Barno Odilova. — Forma narxi boshlang‘ich sinflar uchun 150 000, 7-8-sinflar uchun 220 000 so‘m. Biz talab qilingan summani bera olamiz, lekin to‘rt farzandi maktabda o‘qiydigan qo‘shnim qanday to‘laydi? Yana bir masala bor: o‘g‘limga hozirdan maktab namunasidagi kostyum-shim olib bersam, mart oyigacha kalta bo‘lib qoladi. Chunki o‘smir payti bolalar tez ulg‘ayadi. Kattarog‘ini olib beray desangiz, hozirgi bolalar o‘ziga kattaroq turgan kiyimni sira kiymaydi. Bahorga chiqib, yana... bor-kel, u yerda navbatda tur, (chunki maktab qaysi firma bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa, faqat o‘sha yerda tiktirishga majbur ekanmiz), agar biron joyi o‘xshamay qolgan bo‘lsa, asabiylashish, shuncha ovoragarchilik kimga kerak? Yoki bundan kimdir manfaatdormi? Firma vakillarning aytishicha, narx hali yana oshishi mumkin! Ikkinchidan, agar may oyida buyurtma berishga ulgurmasak, ko‘proq pul to‘larkanmiz. Uchinchidan, to‘lov chekini olib kelmasak, bolamiz imtihonga qo‘yilmas ekan! Bu — sinf rahbarining gapi. To‘rtinchidan, agar forma sifatsiz tikilsa, kim javob beradi?
Ota-onalarning so‘zlarini tinglab, demak, maktab ma’muriyati forma mavzusidan unchalik ham chetda emas ekan-da, degan fikr o‘tdi xayoldan. Forma uchun — pul to‘lab ulgurmagan o‘quvchining yakuniy imtihonlarga kiritilmasligi qanchalik to‘g‘ri? Bir necha bolasi maktabga boradigan ota-onalar uchun imtiyoz mavjudmi?
Ushbu savollarga javob olish maqsadida Jizzax shahridagi 2-maktabga biriktirilgan “Maktab formasi maxsus do‘koni” tikuv firmasi rahbari Baxtiyor Nuriddinov bilan bog‘landik.
— Ayni damda maktab formasini 1–3-sinf o‘quvchilari uchun 160 000; 4–6-sinflar uchun 180 000; 7-8-sinflar uchun 220 000; 9–11-sinf o‘quvchilari uchun 240 000 so‘mdan tikyapmiz, — deydi u. — Ushbu narx faqat shu oyda pul to‘laganlar uchun. Keyingi oyda pul to‘laganlar uchun narx yana oshishi mumkin. Hozircha kichik yoshli o‘quvchilarga 100 000, kattalar uchun 150 000 so‘m oldindan to‘lov qilish kerak. Forma tayyor bo‘lganidan so‘ng to‘liq hisob-kitob qilinadi. Sababi, biz bu pulga xomashyo olamiz. Formani qalin “Yevro — 135” materialidan tikyapmiz. Mahsulotimizning sifati yomon emas. “Melipa” degan yupqa materialdan forma tikayotgan firmalar ham bor. Bu mato kostyum-shimning matosi emas. Sifatsiz matodan tikib, odamlarning ishonchini yo‘qotmoqchi emasmiz. Ota-onasi yo‘q, kam ta’minlangan oila farzandlariga formani o‘z hisobimizdan tikib beramiz. Qolganlarga narxni pasaytirolmaymiz. Pul maktabga berilsa ham, bizga berilsa ham bo‘ladi.
Tikuv firmasi rahbari belgilangan narx vaqtinchalik. Uning mato narxi oshmoqda, degan so‘zlaridan so‘ng savollar yanada ko‘paydi. Matoning sifatli va sifatsiz turi borligi ham tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Xaridor ishlab chiqaruvchi matoning qay turidan foydalanayotganini qayerdan biladi? Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi qarorida matoning qanday bo‘lishi aynan keltirilgan. Nega formaga to‘lanadigan pul maktabda ham qayd qilinishi kerak? Nima uchun bozorda bir sotuvchidan bir necha kiyim olsangiz narxini tushiradi-yu, tikuv firmasida yo‘q? Qarorda keltirilishicha, Xalq ta’limi vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga o‘quvchilarning umumiy soni haqida ma’lumot berishi, maktab yarmarkalari boshlangan vaqtda esa, uyushma ro‘yxatga olgan firmalar tomonidan formalar sotuvga chiqarilishi kerak. Unda nega har bir o‘quvchiga forma tiktirish majburiyati yuklatilyapti?
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Anvar Umarovning ma’lumot berishicha, maktab formasining narxini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning o‘zi erkin, bozor munosabatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi. Ishlab chiqaruvchilar ota-onalardan hali tikilmagan maktab formasi uchun bo‘nak (avans) mablag‘larini yig‘ishi mumkin emas. Maktab direktorlari yoki sinf rahbarlarining yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvi qat’iyan taqiqlangan. Ota-onalar yangi formani tashkil etiladigan savdo shoxobchalaridan xarid qilishi lozim.
Shuningdek, qarorda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etishi, savdo shoxobchalarining joylashgan manzillari ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi belgilangan.
Hali tikilmagan maktab formasi uchun bo‘nak (avans) mablag‘larini yig‘ish mumkin emasligi qarorda ko‘rsatilgan bir vaqtda maktab mutasaddilarining firmalarga avans yig‘ishga ko‘maklashayotganini (o‘quvchi to‘lov qilmasa, imtihonga kiritmaslik sharti bilan) qanday tushunish mumkin?! Ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu masala yuzasidan ota-onalarning noroziligi kuchayib borayotgani bejiz emasga o‘xshaydi. Vazirlik axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, har bir maktabda forma masalasiga aralashmaslik haqida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Libosning sifati muhim masalalardan biri. Farzandlarimiz formani deyarli kun davomida kiyib yuradi. Matoning sifati, qulayligi, tikilishi masalasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi zimmasiga yuklatilgan.
— Bugungi kunda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda maktab formasi ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hududidan kelib chiqqan holda 160 dan ziyod korxona ro‘yxati shakllantirildi va yetakchi korxonalar belgilandi, — deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bosh mutaxassisi Zamira Yunusova. — Ushbu ro‘yxat yana kengayishi mumkin. Shuningdek, 2018-yilning sentabr oyidan tasdiqlangan maktab formasini o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqarish bo‘yicha har bir o‘lcham uchun andozalar va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan. Texnologik jarayon buzilmasligini hisobga olib, xomashyo to‘g‘ri sarflanishi uchun “Sharq liboslari dizayn markazi” MChJning tajriba-sinov sexida markazning yetuk mutaxassis konstruktorlari korxonalar mutaxassislari uchun (texnolog, konstruktor va boshqalar) 1 oylik maxsus o‘quv kurslari tashkil etishyapti. Ular mazkur o‘quv kursida o‘g‘il va qiz o‘quvchilar formalari haqida umumiy ma’lumotlarga va konstruktiv-texnologik jarayonlarni ishlab chiqarishga tatbiq etish bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lishadi. Mashg‘ulot yakunida sertifikat beriladi.
Maktab formasini tikish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. U viloyatlardagi holatni o‘rganmoqda. Ba’zi joylarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar aniqlanib, tushuntirish ishlari olib borildi. Qarorga ko‘ra, maktab formasining mato tarkibi 1–6-sinf o‘quvchilari uchun 65 foiz paxta, 35 foiz poliester, 7–11-sinflar uchun 45 foiz paxta, 55 foiz poliyester etib belgilangan. Mato ishlab chiqarish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun ip-yigiruv korxonalarida aralash (paxta-poliyester) tolali ip-kalava, to‘quvchilik korxonalarida aralash tolali ip-kalavadan gazlama to‘qish va bo‘yash, so‘ngra maktab o‘quvchilari uchun sifatli kiyim-kechak tikish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha ichki kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Buxoro viloyatidagi “Delyuks Fabrik” MChJ tomonidan aralash gazlama to‘qilmoqda, Xorazm viloyatidagi “Urganch baxmali” MChJda matoni bo‘yash-pardozlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar va ota-onalar eng optimal variant 80 foiz poliyester va 20 foiz viskoza aralashmali mato degan xulosaga kelgan. Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarining ko‘ylagi, ichkiyim va paypoqlari mahalliy korxonalar tomonidan 85—100 foiz paxtadan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar soni haqidagi ma’lumot taqdim etildi. Tayyor formalar maktab yarmarkalarida ham sotuvga chiqariladi.
Guvoh bo‘lganingizdek, oldindan pul to‘lashga va farzandingiz uchun uch oy avval forma tiktirib qo‘yishga majbur emassiz.
Ushbu maqola tayyorlanayotgan bir paytda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “Facebook”dagi sahifasida yagona maktab formasi bo‘yicha post qoldirdi. Unda shunday jumlalar bor:
“Kecha Prezidentimizning beshta tashabbusini hayotga samarali tatbiq etish masalasini xorijiy ekspertlar bilan muhokama qildik. Loyihaning strategik yo‘nalishlari, chet el tajribasi va undan foydalanish bo‘yicha fikr almashdik.
Yodingizda bo‘lsa, beshta tashabbusni, eng avvalo, maktablardan boshlash g‘oyasi ilgari surilgan edi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik.
Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz.
Qisqasini aytganda — oldin sharoit, keyin talab.
Albatta, bu oson ish emas. Izdan chiqqan ta’lim tizimini tuzatish juda katta mablag‘, bir necha yil vaqt va ilmiy yondashuvni talab qiladi. Bu yo‘lda xatolar ham bo‘lishi mumkin, chunki bu jarayon. Biroq hozir shu ishlarni boshlamasak, ertaga masala yanada murakkablashadi.
Xullas, bu yo‘lda barchamiz hamjihat bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Mutasaddi vazirlik va idoralar mutaxassislari tomonidan yuqoridagi masalalar yuzasidan Hukumatga tegishli takliflar kiritildi”.
Izoh (0)