Tuyg‘unali Abduraimov Qirg‘iziston hukumatining Chuy viloyatidagi vakili lavozimidan bo‘shatildi. Qirg‘iziston Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyev shu haqdagi farmoyishni imzolagan.

Foto: Sputnik

Tuyg‘unali Abduraimov 5-iyun kuni mahalliy aholi o‘rtasida mojaro yuz bergan Orok qishlog‘idagi hodisalar haqidagi savol bergan muxbir ayolga “Menga sizning yuzingiz yoqmayapti. Qiyofangiz yoqimsiz”, — deya rad javobini bergan.

Shundan keyin amaldorning sha’niga tanqidlar kuchayib ketdi va ko‘pchilik uning iste’fosini talab qilib chiqdi. Faollarning bayonot berishicha, u davlat xizmatchisi etikasi bilan tanish emas.

Hodisadan bir kun o‘tib, Qirg‘iziston hukumatining Chuy viloyatidagi vakili matbuot oldiga chiqdi va basharasi yoqmayotgani uchun jurnalist ayol bilan gaplashmagani yuzasidan fikrini ma’lum qildi.

“Men ‘Ala-Too 24’ telekanaliga intervyu berdim, shunda u qo‘pol tarzda qayerda bo‘lganim, nima uchun kech kelganimni so‘ray boshladi. Shunda u prokuror emasligi va bu mening muammoim ekanini aytdim. Ha, men unga yuzi yoqmayotganini aytdim. Mening basharam unga yoqmaydi. Bu hayot”, — deya bayonot berdi amaldor.

Chuy viloyati rahbari ayrim jurnalistlarni ataylab fitna uyushtirishni maqsad qilib olganlikda ayblar ekan, kechirim so‘ramadi va jurnalistlar bilan bahslashganidan keyin shoshilinch ravishda zalni tark etdi.

Bosh vazir Muhammadqaliy Abilg‘aziyev o‘shanda hukumat vakilining hatti-harakatlariga munosib baho berilishini aytgan edi.