Polsha vakolatli organlari tomonidan 30-may kuni 18-mayda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng hushsiz holda kasalxonaga joylashtirilgan O‘zbekiston fuqarosining shaxsi aniqlangani qayd etildi.
O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi bergan ma’lumotga tayanib Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bergan xabarda aytilishicha, fuqaroning Lutfullayev Baxtiyor Erkin o‘g‘li ekanligi Polshaga kelgan otasi tomonidan tasdiqlangan.
“Ayni paytda mazkur avtohalokatda vafot etgan boshqa hamyurtimizning shaxsini aniqlash uchun uning yaqin qarindoshlarini Polshaga kelish masalalari ham hal qilinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u Mamadaliyev Shuhratjon Vahobovich bo‘lishi mumkin”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Qayd etilishicha, mazkur vaziyat elchixona tomonidan nazoratga olingan, Polshaning vakolatli organlari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 18-may kuni Polshaning Shchechin va Gojuv shaharlari o‘rtasida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Matiz yonib ketgan. Oqibatda bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi og‘ir kuyish jarohatlari bilan hushsiz holda Shchechin shahri kasalxonasiga yotqizilgan.
Izoh (0)