Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo” tahririyatiga yo‘llangan murojaatlar orasidan chiroqchilik tadbirkor O‘ngboy Eshmirzayevning murojaati e’tiborimizni tortmay qolmadi. Murojaatchining ma’lum qilishicha, u Chiroqchi tuman prokurori Bahodir Xudoyqulovning qilgan xatosi tufayli so‘nggi ikki yil davomida sarson-sargardon bo‘lmoqda. Tadbirkor prokurorning xatosi tufayli faoliyatiga to‘siq qo‘yilib, ishdan ko‘ngli soviganini yozadi.

O‘ngboy Eshmirzayev.

O‘ngboy Eshmirzayev.
Foto: “Daryo”

Murojaatchi qay darajada haq ekanligini bilish maqsadida “Daryo” muxbiri Chiroqchi tumanida bo‘ldi.

— 2017-yil fevral oyida o‘zim yashab turgan Bolsuvor qishlog‘ida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish niyatida tuman arxitektura va qurilish boshqarmasiga murojaat qildim, — deydi murojaatchi O‘ngboy Eshmirzayev. – Tuman arxitekturadagilar yashab turgan qishlog‘imda o‘zim mo‘ljal qilib qo‘ygan yer bor yoki yo‘qligini so‘rashdi. Qishloqqa kirishda Chiroqchi–Shahrisabz avtomobil yo‘li yoqasida bo‘sh turgan yer borligini aytdim. Kelib ko‘rishdi. Rasmga ham olishdi. “Bo‘sh turgan yer ekan”, deya hujjat taxlashim lozimligini aytishdi. Shundan so‘ng, hujjat tayyorlab, “Qishloqqurilishloyiha”ga taqdim etdik. Avval viloyatga, tasdiqdan o‘tgach, respublikaga hujjat yubordik. “Qishloqqurilishloyiha”dan 2017-yil 19-iyun kuni javob xulosa keldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tuman hokimining 2017-yil 21-oktabrdagi qarorida O‘ngboy Eshmirzayev tuman arxitektura va qurilish boshqarmasiga aytgan bo‘sh turgan yer — Chiroqchi–Shahrisabz avtomobil yo‘lidagi marhum Yusuf Abdumo‘minovga tegishli kamer yamash ustaxonasining orqa tomonidagi 48 kv/metr yer 55-obyekt sifatida belgilanadi. Va tuman hududidagi bo‘sh turgan obyektlar qatori ochiq tanlovga qo‘yiladi. 2018-yil fevral oyida o‘tkazilgan ochiq tanlovda 55-obyektni O‘ngboy Eshmirzayev yutib oladi. So‘ngra, tuman hokimining 2018-yil 14-maydagi qaroriga muvofiq tanlov g‘olibi O‘ngboy Eshmirzayevga 48 kv/metr yer aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun ajratib beriladi.

Do‘konlar qurilishidan oldingi holat (2017-yil).

Do‘konlar qurilishidan oldingi holat (2017-yil).
Foto: “Daryo”

Ammo shu yerda yana bir holatga e’tibor qaratish lozimki, O‘ngboy Eshmirzayev 2017-yil tuman arxitektura va qurilish boshqarmasiga murojaat qilgach, “Qishloqqurilishloyiha”ga hujjat taqdim qilingandi. Xulosa kelgach tuman hokimi qarori bo‘lmasa-da, O‘ngboy Eshmirzayev ko‘rsatilgan hududga savdo do‘koni qura boshlaydi. Tez fursatlarda bir qavatli do‘kon qurilishi yakunlanadi. Bu holatni ko‘rgan tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi xodimlari O‘ngboy Eshmirzayevga e’tiroz bildirib, qurilish ishlari noqonuniy ekanligi haqida ogohlantiradi. E’tiroz sabab qurilish ishlari o‘sha joyda to‘xtaydi.

Chiroqchi—Shahrisabz avtomobil yo‘lidagi 20 kv/metr maydondagi kamer yamash ustaxonasi.

Chiroqchi—Shahrisabz avtomobil yo‘lidagi 20 kv/metr maydondagi kamer yamash ustaxonasi.
Foto: “Daryo”

O‘ngboy Eshmirzayevning aytishicha, aynan o‘sha yili Chiroqchi–Shahrisabz avtomobil yo‘lidagi 20 kv/metr maydonga ega kamer yamash ustaxonasi egasi, marhum Yusuf Abdumo‘minovning farzandlari Gulhayo Abdumo‘minova hamda Usmon Abdumo‘minovlar ham o‘zlariga tegishli ustaxona orqasidan ikki qavatli do‘kon qura boshlaydi. O‘ngboy Eshmirzayev bu haqda tuman arxitektura va qurilish boshqarmasiga bildiradi. Tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi bunga jim qaragach, O‘ngboy Eshmirzayev ham bir qavatli qilib qurilgan do‘konining ikkinchi qavati qurilishini boshlab yuboradi. Ana-mana deguncha ikki qavatli binolar qad ko‘taradi. Bu 2017-yilda bo‘layotgan voqealar.

Foto: “Daryo”

2018-yil fevral oyida esa “Ko‘chmas mulk savdo xizmati” MChJ Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan tashkillashtirilgan ochiq tanlovda har ikkala do‘kon qad rostlagan 48 kv/m yer 55-obyekt sifatida tanlovga qo‘yiladi. Tanlovda qatnashgan O‘ngboy Eshmirzayev obyektni yutib oladi. Ana shundan so‘ng mojaro boshlanadi.

— Aslida qurilishi bo‘lgan yer, bo‘sh yer sifatida ochiq tanlovga qo‘yilish mumkin emas-ku, — deydi Gulhayo Abdumo‘minova. – 55-obyekt sifatida tanlovga qo‘yilgan yerda esa, O‘ngboy Eshmirzayev va menga tegishli savdo do‘konlari qurilgandi.

O‘ngboy Eshmirzayev va Gulhayo Abdumo‘minovalarga tegishli do‘konlar.

O‘ngboy Eshmirzayev va Gulhayo Abdumo‘minovalarga tegishli do‘konlar.
Foto: “Daryo”

O‘ngboy Eshmirzayev va Gulhayo Abdumo‘minova, Usmon Abdumo‘minovlar o‘rtasidagi mojaroga tuman prokurori Bahodir Xudoyqulov qo‘shilib, 2018-yil 24-avgust kuni tuman hokimi Rustam Jo‘raqobilovga protest kiritadi. Protestda tuman hokimining 2017-yil 21-oktabrdagi qarori qismini bekor qilish so‘raladi. Prokuror marhum Yusuf Abdumo‘minovga Chiroqchi tuman hokimining 2011-yil 31-dekabrdagi qaroriga muvofiq (garchi Yusuf Abdumo‘minov 2010-yil 24-noyabrda vafot etgan bo‘lsa-da. Chiroqchi tuman FHDYo bo‘limi tomonidan 2010-yil 23-dekabrda qayd qilingan №553 raqamli o‘lim dalolatnomasida qayd etilishicha, marhum Yusuf Abdumo‘minov 2010-yil 24-noyabr kuni vafot etgan) Chiroqchi–Shahrisabz avtomobil yo‘li yoqasidan 20 kv/m yer ajratib berilganini, ushbu yer 2017-yil marhumning qizi Gulhayo Abdumo‘minova tomonidan kapital ta’mirlanganini, yanayam qizig‘i yer maydoni kengaytirilib ayni vaqtga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelganini yozadi. Va O‘ngboy Eshmirzayevga 2018-yil fevral oyida tanlov asosida berilgan yer — 55-obyekt aslida Gulhayo Abdumo‘minovaga tegishli bo‘lganini bildirib, qarorni bekor qilish so‘raladi. Mazkur protestga muvofiq tuman hokimining 2018-yil 30-avgustdagi qaroriga ko‘ra, O‘ngboy Eshmirzayevga berilgan 55-obyektdagi 48 kv/metr yer egaligi bekor qilinadi.

Chiroqchi tuman prokurori o‘z protestida 55-obyektdagi 48 kv/metr yer tanlovga qo‘yilishdan oldin, prokuror nazdida yer egasi deya aytilayotgan Gulhayo Abdumo‘minovaga bildirilmaganligini, agar yer noqonuniy egallangan bo‘lsa, shu paytga qadar noqonuniy qurilish buzilishi lozimligi xususida Gulhayo Abdumo‘minovaga hech qanday ogohlantirish xati berilmaganligini yozadi.

Jurnalistik surishtiruvlarimiz davomida aniqlanishicha, 2018-yil 21-iyun kuni tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi mutaxassislari M.Xonqulov, N.Yuldashev, Bolsuvor qishlog‘i “Mustaqillik” MFY raisi X.Eshto‘xtarov, murojaatchi O‘.Eshmirzayev hamda do‘kon egasi U.Abdumo‘minovlar ishtirokida tuzilgan dalolatnomada U.Abdumo‘minov tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi mutaxassislariga 2 qavatli, 8–6 hajmdagi do‘konining huquqiy hujjatlarini ko‘rsata olmaganligini va do‘kon noqonuniy qurilish ekanligi aniqlangani bayon etiladi. Shunga ko‘ra, tuman hokimi o‘rinbosari O‘.Abdurahimov 2018-yil 21-iyun kuni do‘kon egalaridan biri Usmon Abdumo‘minovga Bolsuvor qishlog‘idagi ikki qavatli do‘koni noqonuniy ekanligini yozib, 3 kun ichida buzib, obodonlashtirishni talab qiladi. Biroq talab bajarilmaydi. Hokim o‘rinbosari O‘.Abdurahimov Usmon Abdumo‘minovni 2018-yil 2-iyul kuni takroriy ogohlantiradi. Ammo bu ogohlantirish ham kor qilmaydi. Shu boisdan ham tuman hokimligi 2018-yil 20-iyul kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudiga javobgar Usmon Abdumo‘minov ogohlantirishlarga qaramasdan noqonuniy qurilishini buzmayotganligini yozib, davo ariza kiritadi. Ammo sud boji to‘lanmagani bois ish ko‘rib chiqilmaydi. Bu ish boj tufayli to‘xtatilgani sabab, O‘ngboy Eshmirzayev 2018-yil oktabr va noyabr oylarida yer egaligini da’vo qilib, sudga shikoyat kiritadi. Ammo sud har ikkala davoni ham rad etadi.

Tuman prokurori esa o‘z protestida do‘kon qurilishi noqonuniy ekanligi xususida do‘kon egalari biror marta ham ogohlantirilmaganligini yozadi. Qiziq, qonun himoyachisi tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi xodimlari to‘plagan hujjatlar va tuman hokimligining ogohlantirish xatlarini o‘qib ko‘rmaganmi yoki ko‘rsa-da, ko‘rmaslikka olganmi? Sudga berilgan da’voni-chi?

Tabiiyki, murojaatchi O‘ngboy Eshmirzayev yer egaligi bekor qilingach, huquqini himoya qilib, avval tuman prokuroriga murojaat qiladi. Protestiga izoh so‘raydi. Tuman prokurorining 2018-yil 18-sentabrdagi javob xatida marhum Yusuf Abdumo‘minovga 2011-yil tuman hokimligi tomonidan 20 kv/metr yer berilganini, bu yerdan marhumning farzandlari 2017-yilga qadar foydalanib kelishganini va 2017-yil ta’mirlab, 2 qavatli bino qurilganini bildiradi. 55-obyekt sifatida tanlovga qo‘yilgan yer aslida marhum Yusuf Abdumo‘minovga tegishli bo‘lganini yozadi. Tuman prokurorining murojaatchi O‘ngboy Eshmirzayevga yozgan 2018-yil 25-oktabrdagi, 2018-yil 22-dekabrdagi va 2019-yil 30-yanvardagi javob xatlarida ham bir shu so‘zlar takrorlanadi. Bu orada O‘ngboy Eshmirzayev Prezident portaliga, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga, Bosh prokuraturaga ham shikoyat qiladi. Murojaatlarning barchasi aylanib-aylanib, viloyat prokurori Botir Yusupovga taqaladi.

Qashqadaryo viloyat prokurori Botir Yusupovning murojaatchiga yo‘llagan 2018-yil 24-noyabr, 2018-yil 27-noyabrdagi javob xatlarida Chiroqchi tuman prokurorining javobi takrorlanadi. 2019-yil 21-fevraldagi javob xatida esa Gulhayo Abdumo‘minova hamda Usmon Abdumo‘minovlar haqiqatdan ham yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olgani aytilib, ushbu holat Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish hududiy komissiyasi tomonidan o‘rganilayotganini bildiradi. Viloyat prokurorining 2019-yil 11-martdagi javob xatida esa o‘rganish natijalariga ko‘ra, Gulhyo Abdumo‘minova hamda Usmon Abdumo‘minovlar do‘koni qurilgan yerini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani yozilib, tuman hokimi qaroriga asossiz protest kiritgan prokurorga tanbeh berilgani, tuman prokurorining qonunga zid harakat qilgani ma’lum qilinadi. Va javob xati yakunida asossiz egallab olingan yerni qaytarish prokuratura vakolatiga kirmasligini bildirib, bu haqda mahalliy hokimliklarga yoki sudga murojaat qilishi huquqi tushuntiriladi.

O‘ngboy Eshmirzayev Bosh prokuror va viloyat prokuroriga yana murojaat qilib, asossiz kiritilgan tuman prokurori protestining bekor qilingani xususida rasmiy hujjat so‘raydi.

Murojaatchining yozg‘irishicha, 2019-yil mart oyida viloyat prokuraturasi tomonidan tuman prokurorining xato qilgani tan olinsa-da, bu ish haliyam o‘lda-jo‘lda. Tadbirkorning huquqi tiklab berilmayapti. Tadbirkor esa mutasaddilar eshigini qoqish bilan ovora.

“Daryo” tahririyati mutasaddilardan ushbu masalaga e’tibor qaratishlarini so‘rab, muammo yechimi haqida tahririyatga ma’lum qilishlarini so‘rab qoladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda o‘quvchining onasi “zamdirektor”ni kaltakladi
Mahalliy
O‘zbekistonda nogironligi bor insonlar uchun sharoit qanday? — “Daryo”da kichik so‘rovnoma
Sport
O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi futbolchilariga Cobalt avtomobillari topshirildi