Endilikda har yili urug‘chilik uchastkalaridan cho‘l ozuqa ekinlarining urug‘larini olish va kamida 1600—1800 gektarga teng yaylov yerni cho‘l ozuqa ekinlari bilan boyitish imkoniyati yaratildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
“Poytaxt” biznes markazida “Yaylovlardan foydalanishda uyg‘unlashgan boshqarishni rejalashtirish mexanizmini joriy qilish: tajribalar, yutuqlar va istiqbollar” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda mutaxassislar BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), YuNESKOning Global ekologik jamg‘armasi (GEJ) va O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlarida sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mamlakat yaylov yerlaridan samarali foydalanish, yaylovlar tanazzulining oldini olish, o‘simlik va hayvonot bioxilma-xilligini tiklashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 2014—2019-yillar uchun mo‘ljallangan mazkur loyihaning asosiy maqsadi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil tog‘oldi, yarimcho‘l va landshaft yerlarida tabiiy resurslardan samarali foydalanishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari sa’y-harakati bilan “Yaylovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Shuningdek, “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutida “Yaylovlar geobotanikasi” bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Institut 12 turdagi innovatsion laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanib, tuproqni qisqa muddatda keng va sifatli tahlil qilish imkoniyatlari yaratildi. Bir qator oliy ta’lim muassasalarida tuproq va landshaft, yer fondidan foydalanishga ixtisoslashgan markazlar tashkil etilib, zarur ilmiy adabiyotlar berildi.
Mutaxassislar o‘z taqdimotida Jizzax viloyati Zomin tumanida olib borgan o‘rganishlar va amalga oshirgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, “Rustamnoma” va “Tutak Karim dalasi” fermer xo‘jaliklaridagi jami 100 gektar yer maydonida cho‘l ozuqa ekinlarining birlamchi urug‘chilik uchastkasi tashkil qilindi. Unda “Ferula”, “Chogon”, “Teresken” va “Atripleks” kabi cho‘l ozuqa ekinlari ekildi. Endilikda har yili urug‘chilik uchastkalaridan cho‘l ozuqa ekinlarining urug‘larini olish va kamida 1600—1800 gektarga teng yaylov yerni cho‘l ozuqa ekinlari bilan boyitish imkoniyati yaratildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumani fermerlari ham ushbu loyiha bo‘yicha amalga oshirgan tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Loyiha ko‘magida joriy yilda “Qorako‘l — Sho‘robod yaylovlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilindi. Unga tuman hokimining tegishli qarori bilan 2 ming 934,5 gektar yaylov yer maydoni ajratib berildi.
“Faoliyatimiz orqali yaylovdan foydalanishda uyg‘unlashgan boshqarishni rejalashtirish mexanizmi joriy qilinmoqda. Asosiy vazifamiz aholi bilan shartnoma asosida chorva mollarini yaylovlarda boqib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, nasldor chorva mollari sonini ko‘paytirishdir. Avvallari e’tiborsizlik tufayli hududimiz aholisi mavjud yaylovlardan tartibsiz foydalangan. Oqibatda keng maydonlarda o‘simlik zaxirasi kamayib ketdi. Ushbu tizim tartibga solingach aholi ko‘ngilli tarzda o‘z chorvasini boqib berish uchun biz bilan shartnoma qilmoqda. Ayni paytda 513 bosh qo‘y boqilmoqda. Bu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi”, — deydi “Qorako‘l — Sho‘robod yaylovlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Jumaqul Jumaev.
Buxoro viloyatidagi 2 million 100 ming gektar yaylov tahlil qilinganda, degradatsiyaga uchragan 273 ming gektar yer mavjudligi aniqlandi. Buning sabablari chorva mollari 1990-yilda 767 ming 597 boshdan joriy yilda 1,5 barobarga ko‘paygan.
“Viloyatdagi mavjud 95 yaylov o‘simligining 56 tasi ozuqabop bo‘lib, qolgani dorivor va zararlidir. 2017—2018-yillarda Qorako‘l tumanidagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari yerlarining 170 gektar maydonda qora saksovul niholi va aralashma holida cho‘l ozuqa ekinlarining urug‘lari ekildi. Ushbu maydonlarda olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, ekilgan urug‘lar va nihollarni ko‘karib chiqish holati ijobiy holatga o‘zgargan. 2019-yilga kelib viloyatlarda 42 turdagi yo‘qolib borayotgan ozuqabop va dorivor o‘simliklar tabiiy holda qayta ko‘karayotgani aniqlandi. Bunga joriy yil bahorning seryog‘in kelishi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi”, — deydi loyiha menejeri To‘lqin Farmonov.
Davra suhbatida qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari, soha olimlari yaylovlardan samarali va maqsadli foydalanish uchun aniq innovatsion texnologiyalar va resurs tejamkor ishlanmalarni joriy qilish lozimligi to‘g‘risida fikr almashdi.
Izoh (0)