Rossiya prezidenti Vladimir Putin reytingining tushib ketishiga sabab — rossiyaliklar yashash sharoitlari yaxshilanishiga ishonmasligida. Bu haqda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi rahbari Valeriy Fedorov “Dojd” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Vedomosti”.
“O‘ylashimcha, asosiy sabab bu — qachon yaxshiroq yashashimizni tushunmasligimizda. Yaxshi yashash nima degani? Bu daromadlarimiz qachon oshadi degani. Statistikachilarning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ko‘pchilik ularga ishonmaydi — so‘nggi besh yilda daromadlarimiz ortmadi. Asosiy muammo — odamlar ertangi kunimiz bugungidan yaxshi bo‘lishiga ishonmasligida”, — deydi Fedorov.
Shuningdek, Valeriy Fedorov pensiya islohoti haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ertaga ko‘proq pul ishlab topamiz, tibbiyotimiz, ta’lim darajamiz yaxshi bo‘ladi, ijtimoiy ta’minotimiz takomillashadi deb hisob-kitob qilgandik. Biroq bularning barchasi kutganimizdek bo‘lib chiqmadi. Bizga kelajakda ham shu oylik uchun ko‘proq ishlashimizni ko‘rsatib berishdi”, — deydi ekspert.
24-may kuni Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi siyosatchilarga bo‘lgan ishonch borasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qilgandi. So‘rov ishtirokchilarining 31,7 foizigina Putinga ishonch bildirgan, bu esa 2006-yilning yanvaridan buyon eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
2018-yilning may oyida o‘tkazilgan xuddi shu turdagi so‘rovda Putin 47,4 foiz ovoz to‘plagandi. Rossiya prezidentining reytingi 2018-yilning iyunidan, pensiya yoshini ko‘tarish haqida e’lon qilganidan buyon tushmoqda.
Izoh (0)