Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzodni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni hal etishda mamlakatlar hamkorligining holati va istiqbollariga baho berildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda barqarorlik o‘rnatilishi va iqtisodiyot qayta tiklanishiga amaliy hissa qo‘shish tarafdori ekanini qayd etdi.
Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashda afg‘on xalqining bosh rolini nazarda tutgan holda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.
Zalmay Halilzod samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda AQSh prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Maykl Pompeoning salomini yetkazdi.
Maxsus vakil mamlakatning Afg‘oniston xalqiga har tomonlama, jumladan, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali yordam berishga qaratilgan siyosatini yuksak baholadi.
AQSh O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish borasidagi konstruktiv sa’y-harakatlarini, xususan, Afg‘oniston hukumati vakillari ishtirokidagi muloqotning navbatdagi davrasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, joriy yilda Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi vazirlar uchrashuvining o‘tkazilishi qo‘shni davlatlarga Afg‘onistonning tinch rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Izoh (0)