Andijon davlat universiteti professori Rayimjon Aliyevning “Qayta tiklanadigan energiya manbalarining fizikasi va atrof muhit barqarorligi bo‘yicha magistrlik dasturini takomillashtirish orqali talabalarning ijodiy va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish” mavzusidagi loyihasi Jahon banki tanlovida g‘olib deb topildi. Bu haqda universitet matbuot kotibi Sharofiddin Hoshimjonov “Daryo”ga xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 22-martdagi “Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokidagi oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Jahon banki tomonidan mabalag‘lar ajratilgan edi. “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustaxlamlash” loyihasi doirasida Akademik innovatsiyalar fondi tashkil etilib, 2018-yil davomida loyihalar tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tanlovda Andijon davlat universiteti professori Rayimjon Aliyevning loyihasi g‘olib deb topildi.
Loyiha 2019—2020-yillar davomida Jahon banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, uning qiymati 140 000 dollarni tashkil etadi.
Texnika fanlari doktori, professor Rayimjon Alievning ta’kidlashicha, loyihaga ajratilgan mablag‘lar hisobiga ADUdagi ilmiy laboratoriya qayta jihozlanib, professor o‘qituvchilar Yevropaning eng taniqli universitetlarida malaka oshiradi. Shuningdek, Yevropa OTMlarining yetakchi professorlari universitetda yosh olimlarning tadqiqotlariga ilmiy rahbarlik qilib, kadrlar tayyorlashda “ta’lim – fan – ishlab chiqarish” integratsiyasini kuchaytirishga jalb etiladi. Qisqacha qilib aytganda, mazkur loyiha O‘zbekiston miqyosida yo‘lga qo‘yilgan “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash” loyihasining ikki bosh yo‘nalishdagi tanlovlari: “Oliy ta’lim muassasalari va sanoat aloqasini kuchaytirish” hamda “O‘qitish amaliyotini takomillashtirish” vazifalarini hal etishga yo‘naltirilgan. Loyihani amalga oshirish uchun universitet tomonidan tashkil etilgan konsorsiumga mamlakatdagi nufuzli ilmiy tadqiqot institutlari, ishlab chiqarish korxonalaridan tashqari Berlin texnika universiteti (Germaniya), Sofiya kimyo-texnologiya va metallurgiya universitet (Bolgariya)lari ham kiritilgan.
Izoh (0)