3-aprel kuni Toshkent shahrida atrof-muhitni himoya qilish masalalariga qaratilgan yirik tadbirlardan biri o‘z ishini boshladi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan konferensiya ikki kun davomida, ya’ni 3—4-aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Mazkur tadbirda iqlim o‘zgarishi ta’sirlariga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilinib, bunda ishtirokchilar diqqatini mintaqada mavjud bo‘lgan ustuvor masalalarga qaratilgan.
Konferensiya ochilishida Jahon bankining direktori vazifasini bajaruvchi Kristalina Georgiyeva tadbir ishtirokchilariga video-murojaat bilan chiqqan.
“Bu kabi yirik yig‘ilishlar muhim hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, ular bizga Markaziy Osiyo hududi hamda dunyo miqyosida iqlim ta’sirini yumshatish va iqlimga moslashish muammolarini birgalikda yig‘ilib hal qilish uchun imkon yaratadi. Mintaqada sodir bo‘layotgan muz erishi, havo harorati ko‘tarilishi, suv toshqinlari va ko‘chkilar sodir bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu omillar esa yer holatiga, ekin hosildorligiga va suv sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Va bu albatta, insonlarning turmush sharoitlarini mushkullashishiga olib kelmoqda. Mana shu sababli, sizning bu sohada olib borayotgan sa’y-harakatlaringiz beqiyos ahamiyatga ega”, — deydi Kristalina Georgiyeva.
Mazkur konferensiya ishida iqlim o‘zgarishi sohasida faoliyat yurituvchi davlat muassasalari, ilmiy doiralar, yoshlar, xalqaro va hududiy hamkorlar, ko‘ptomonlama rivojlanish banklari va jamoat tashkilotlarining 400 ga yaqin vakillari faoli ishtirok etgan.
“Iqlim monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan salbiy holatlar ko‘lami oshish holatlari kuzatilib, bu holat Markaziy Osiyoda suv resurslarining taqchilligi, qurg‘oqchilik, sel kelishi, issiqlik to‘lqinlari, chang bo‘ronlari va shu kabi boshqa xavfli tabiiy ofatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda”, — deya o‘z ma’ruzasida ta’kidlaydi Baxriddin Nishonov.
Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish Dasturi (CAMP4ASB loyihasi), Jahon banki, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasi, O‘zgidromet va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tadbir tashkilotchilari hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasidagi ilk konferensiya 2018-yil 24—25-yanvar kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan konferensiya quyidagi beshta plenar yig‘ilishni o‘z ichiga oladi: (1) Global iqlim siyosati va milliy majburiyatlar; (2) Iqlim o‘zgarishining ta’siri va global/mintaqaviy sharoitga moslashishi; (3) Iqlimiy xizmatlar; (4) Iqlim o‘zgarishi sohasidagi texnologiyalar va amaliyotlar va (5) Iqlimiy moliyalashtirish.
Doktor Iskandar Abdullayev Markaziy Osiyodagi suv resurslarining iqlim o‘zgarishiga nisbatan juda zaif ekanligini aytgan. Iqlim o‘zgarishlarining suv resurslariga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri tufayli qishloq xo‘jaligi va energetika tizmida ekotizimlarning suv bilan ta’minlanishi darajasi sezilarli ravishda qisqarib bormoqda. Dunyo miqyosida havo haroratining 4° C ga ko‘tarilishi sug‘orish suvlariga bo‘lgan talabning taxminan 30% ga oshishiga olib keladi. Mintaqada mavjud bo‘lgan muzliklar maydoni XX asr boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan o‘z hajmining uchdan bir qismiga qisqargan. Doktor Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, havo haroratining 2° C ga ko‘tirilishi muzliklar maydonini 50% ga, 4° C gacha ko‘tarilishi natijasida esa 80% gacha qisqartirib yuboradi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Ijroiya Qo‘mitasi raisi Guyzgeldi Bayjanov so‘nggi uch yil davomida jahon hamjamiyati o‘rtasida iqlim siyosati bo‘yicha sezilarli siljish kuzatilganini ta’kidlab o‘tgan.
Izoh (0)