“Daryo” o‘tgan haftada mamlakat hayotida sodir bo‘lgan muhim voqealarni sharhlab o‘tadi.
Hafta davomida davlat amaldorlari va madaniyat arboblari o‘zi o‘qigan maktabga kitob sovg‘a qilish #bookchallenge aksiyasini davom ettirdi. 1-aprel kuni Samarqand viloyati hokimi va shahar hokimi, deputatlar maktablariga kitob tuhfa etdi. Mudofaa vaziri bir nechta maktab-internatga kitob ulashdi. Yoshlarni mutolaaga rag‘batlantirish bu bilan to‘xtab qolmadi, albatta. 4-apreldan “Yosh kitobxon” tanlovining 2019-yilgi mavsumiga arizalar qabuli boshlandi.
* * *
1-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov vazifasidan olindi. Sobiq hokim viloyat ahli bilan matbuot orqali xayrlashdi. Xayrlashuv matnida surxondaryoliklarga minnatdorlik bildirib, yaxshi tilaklar izhor etilgan. So‘nggi vaqtda lavozimidan ozod etilayotgan hokimlar aholi bilan iliq kayfiyatda xayrlashuvi taomilga kirmoqda.
* * *
Hafta o‘rtasida yoqqan kuchli yomg‘ir xalq xo‘jaligiga katta ziyon yetkazdi, ko‘chalar va aholi yashash joylarini suv bosdi. Xususan, Samarqandning Urgut tumanida yoqqan do‘l mashinalar va uylarga zarar yetkazdi. 5-aprel kuni Samarqandning tog‘li tumanlarida kuchli sel keldi. Urgut, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Ishtixon tumanlarida soylar to‘lib-toshib oqdi. Qashqadaryoda yoqqan shiddatli yomg‘ir va do‘l esa qishloq yo‘llarini vayron qildi. Yog‘ingarchilik temir yo‘lni ishdan chiqardi, natijada yuk poyezdi nobop relsda cho‘kib qoldi, 6-aprel kuni temir izlar to‘liq tiklandi.
* * *
Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Toshkentdagi yettita tuman soliq inspeksiyasi rahbari ishdan olindi. Buning sababi ular budjet tushumlarini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifani hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi.
* * *
4-aprel kuni Vazirlar Mahkamasi qoshidagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etgan brifingda Haj safari xarajatlari yanada arzonlashishi ma’lum qilindi. Aytish kerakki, har oyda yetti ming nafar o‘zbekistonlik Umra ziyoratini ado qilmoqda.
* * *
O‘zbekistonda “Stop-trafik” operativ-profilaktik tadbiri davomida besh kun ichida 258 nafar fohisha qo‘lga olindi. Tadbir Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlik doirasida o‘tkazilgan. Aytish lozimki, huquqni muhofaza qilish organlari fohishabozlikka qarshi birinchi marta reyd o‘tkazayotgani yo‘q va bu jamiyat muammosiga aylangan. Tadbirdan bir kun avval jamoaviy murojaatlar portalida fohishabozlik qilgan erkaklar ham jazoga tortilishi taklif etilgandi.
* * *
Yurtimiz onalari uchtalik egizaklar dunyoga keltirish estafetasini bir-birlariga muvaffaqiyali uzatmoqda. O‘tayotgan haftada Xorazmda ham Shavkatjon, Mirziyo va Miromon dunyoga keldi. Tuman hokimi chaqaloqlarga kolyaska sovg‘a qildi. Qo‘qonlik Shavkat, Miromon va Mirziyoning otasi esa sovg‘aga kelgan Cobalt’ni urib olishga ham ulgurdi.
* * *
O‘zbekiston Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasidan 600 million dollar qarzdor bo‘lib qolgani sababli “O‘ztransgaz” rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Anorqulov bo‘shatilgani aytildi. Ushbu qarz O‘zbekiston bir qism gazni ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelgan, kelishuvda esa respublikada qazib olingan gazning barchasini chetga sotish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)