Samarqandda oradan 30 yildan oshiqroq vaqt o‘tib bir yo‘la ikki o‘zbek-tojik filmi suratga olinadi. Bu haqda “Pravda Vostoka” muxbiri Anastasiya Pavlenko xabar bermoqda.
Samarqanddagi ko‘plab loyihalar tashabbuskori, Vendo kompaniyalar guruhi direktori Xayrullo Mamasoliyev tojikistonlik rejissyor Sobir Sobirovning qirq qiz afsonasi bo‘yicha film olish g‘oyasi bilan qiziqib qoldi va unga hamkorlikni taklif etdi.
—Birinchi film “Gavhar” deb nomlanadi va Afrosiyobni dushmanlardan himoya qilgan So‘g‘diyonaning afsonaviy amazonkalari haqida hikoya qiladi. Filmda tryuklar ko‘p bo‘ladi, shu sababli yil davomida faqat tayyorgarlik bilan shug‘ullanamiz. Hozir qizlar tanlovi ketmoqda, keyinchalik ularni otda chopish, qilich o‘ynatishga o‘rgatamiz. Bunga parallel ravishda samarqandlik to‘rt do‘st haqida komediyani suratga olamiz. Ulardan biri tojikistonlik qizni sevib qoladi va unga uylanishni istaydi. Bundan oxir-oqibat nima chiqishini tomoshabin filmni ko‘rgach bilib oladi, — deydi Sobir Sobirov.
Filmlar O‘zbekiston va Tojikistonda suratga olinadi.
Ma’lumot uchun, Sobir Sobirov tojikistonlik taniqli rejissyor, aktyor va ssenariynavis Tohir Sobirovning o‘g‘li bo‘lib, Samarqandda tug‘ilib-o‘sgan. Tohir Sobirovning 1987-yilda Samarqand va Buxoroda tasvirga olingan “Shahrizodaning so‘nggi kechasi” filmida o‘zbek aktyorlari ham suratga tushgandi.