Toshkentda dunyoda eng chiroyli va “Ginness kitobi”ga kiradigan favvorani barpo etish taklif etildi. Bu haqda “Mening fikrim” portaliga tegishli murojaat joylashtirildi, deb xabar qiladi Sputnik.
Murojaat muallifi xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Toshkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi kanal va anhorlarda 10-20 kilometrlik chiroqlarga boy bo‘lgan musiqali, uzundan-uzun favvoralarni barpo etishni taklif qildi.
“Favvoralar dunyodagi eng uzun, chiroyli va innovatsion shaklga ega bo‘lishi, bundan tashqari, suvdagi chiqindilarni tozalovchi texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Agarda ushbu favvoralar majmui bunyod etilsa, shubhasiz u Ginness rekordlari kitobidan joy oladi, anhor bo‘yida aholi va sayyohlar uchun yanada maroqli dam olish imkoniyati ortadi”, — deyilgan murojaatda.
Dunyodagi eng qimmat favvora Dubay shahrida barpo etilgan. Uning qurilishiga 218 million dollar sarflangan. Dubai Fountain binosi Ginness rekordlari kitobiga kiritilgan.
Favvoraning uzunligi 275 metr — bu uchta standart futbol maydoniga teng. Dubai Fountain har soniyada 83 tonna suvni osmonga “purkaydi”.
Izoh (0)