Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Darxan Satibaldini qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, uni yuqori mansabga tayinlangani bilan tabrikladi. Mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida unga muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston—Qozog‘iston hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, birinchi prezident Nursulton Nazarboyev poydevor qo‘ygan Qozog‘istondagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga O‘zbekistonda hurmat bilan qaraladi.
Uchrashuvda turli darajadagi ikki tomonlama aloqalar jadvali va kun tartibi, shuningdek, O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)