20-mart, chorshanba kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Katta Qorasuv” mahallasida yangi yopiq turdagi basseyn foydalanishga topshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan barpo etilgan obyektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ushbu majmuani qurish uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 5 milliard so‘m ajratildi. Obyektda 11x25 metr o‘lchamdagi suzish havzasi, murabbiylar, shug‘ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar mavjud.
Mirzo Ulug‘bek tumani 1-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 120 nafar o‘g‘il-qiz suzish sporti bilan shug‘ullanishi mumkin.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)