Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon al-Saud jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishidan bir yil oldin muxolifatni bostirish kampaniyasini boshlagan, bu esa jumladan, qirollik fuqarolarini kuzatib borish, o‘g‘irlash va qiynoqqa solishni ko‘zda tutgan, deya xabar beradi “TASS”.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xabar Amerika razvedkasi materiallari bilan tanishgan amerikalik amaldorlarning manbalari hamda hukumatning harakatlaridan xabardor bo‘lgan saudiyaliklar tomonidan tasdiqlangan. Maqolada qayd etilganidek, asosiy rolni Qoshiqchining o‘ldirilishiga mas’ul shaxslar o‘ynagan. Ular 2017-yildan buyon kamida o‘nta operatsiya o‘tkazgan.
Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, “ushbu operatsiyalarning ba’zilari boshqa arab davlatlaridan saudiyaliklarni majburiy qaytarishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular shahzoda va uning otasi Salmonning saroylarida zo‘ravonliklarga duchor qilingan”.
Qoshiqchining o‘limidan so‘ng, Saudiya hukumati rasmiy shaxslari qirollik razvedkachilari muntazam ravishda “muxojirlarni o‘z vatanlariga qaytarish” buyrug‘ini olganini tan olgan. Bunday amaliyotlar qirollikda shahzodaning o‘sib borayotgan ta’siridan kelib chiqib tez-tez yuz bergan.
“AQSh razvedka xizmati shahzodaning o‘ldirishga buyruq berganini isbotlovchi qat’iy dalillarga ega emas”, deb ta’kidlaydi nashr. Shu bilan birga, AQSh razvedkasi xodimlari, shahzoda go‘yo muxolifatni bostirish uchun operatsiyalarni buyurganini ma’lum qilgan.
Avvalroq, Amerika ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishicha, Qoshiqchining o‘ldirilishi haqidagi buyruq Markaziy razvedka boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Saudiya valiahd shahzodasi tomonidan berilgan. \
Ar-Riyod hodisada qirol oilasi a’zolarining ishtirokini qat’iyan inkor etgan.
Izoh (0)