AQSh Shtab boshliqlari raisi general Jozef Danford Pentagonning Suriyada minglab harbiylarni qoldirishga qaror qilgani haqidagi xabarlarni rad etdi, deb xabar berdi “TASS”.
Avvalroq Wall Street Journal gazetasi Turkiyaning chegarani kesib o‘tib, kurdlarga hujum qilishi tahdidiga qaramay, kurd kuchlari bilan ishlashni davom ettirish maqsadida minglab AQSh harbiylarining Suriyada qolishi haqida ma’lum qilgan.
“Fevral oyida e’lon qilingan qarorga hech qanday o‘zgartirish kiritilmagan va biz AQSh harbiylarini doimiy dislokatsiya hududidan olib chiqib ketish haqida prezident ko‘rsatmalarini bajaryapmiz”, — deb ta’kidlagan Danford.
AQSh va uning ittifoqchilari 2014-yildan buyon Suriyada hukumat ruxsatisiz IShIDga qarshi amaliyot o‘tkazib kelmoqda. Donald Tramp 2018-yil oxirlarida qo‘shinlarni Suriyadan olib chiqib ketish haqida ma’lum qilgan. Fevral oyida prezident ma’muriyati bunga aniqlik kiritib, 200 nafarga yaqin harbiy Suriyaning shimoli-sharqiy qismida va yana shunchasi Manbij shahrida qoldirilishini aytgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)