Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi ishchilari sig‘imi 7 tonnalik sumalak doshqozoni va o‘choq, 3 metrlik ikkita kapkir va ikkita cho‘mich, shuningdek, qozon-o‘choq atrofiga mo‘ljallangan metall maydonchani bir oy ichida, belgilangan muddatidan avval tayyorladi. Bu haqda kombinat rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati

13-mart kuni MTMZdan alvon lentalar ila bezatilgan qozon-o‘choq “Metallurg” MS hovlisiga ketirildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi A.Xursanov 7 tonnalik ulkan qozonning pasportini Namangan shahar hokimi o‘rinbosari Ayubxon Bobomirzayevga tantanali ravishda topshirdi va kombinat tasarrufidagi yirik avtoulov treylerga ortilgan ulkan doshqozon karnay-surnay sadolari bilan Namanganga kuzatildi.

Ma’lumot o‘rnida: Poytaxtda 8 tonnalik qozonda damlangan osh Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganidan va bu osh kombinatda tayyorlangan qozonda pishirilganidan xabaringiz bor. Bundan tashqari, kombinat tomonidan yana ikkita bir tonnalik va bitta besh tonnalik qozon ham tayyorlangan. Namanganliklar uchun tayyorlangan bu 7 tonnalik qozon esa kombinatning beshinchi ulkan qozonidir.