O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi Rossiyaning Sibir Federal okrugi hududida adashib qolgan 80 yoshli fuqaroning O‘zbekistonga qaytishiga amaliy ko‘mak berdi. Bu haqda “Xalq so‘zi Online” xabar berdi.
Nelya Simonyans 1939-yilda Andijon viloyatida tavallud topgan. U bir necha yillar avval o‘z boquvchisini yo‘qotib qo‘yadi. Ustiga-ustak xotirasi qisman pasayadi. Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari xodimlari onaxonni topib, uni vaqtincha saqlash uchun Novosibirskdagi kasalxonaga yuborganligi ma’lum bo‘ldi.
Onaxonning so‘zlariga ko‘ra, u bundan bir necha yillar avval nevarasi bilan birgalikda Rossiyaga kelgan va uni yo‘qotib qo‘ygan. Lekin hali-hamon o‘z nevarasini topa olmagan.
“Men O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sdim. Otam o‘zbek. Butun umr Andijon viloyatining Asaka shahrida halol mehnat qildim. Keksayib qolgan vaqtimda nevaram meni shu yerlarga olib keldi. Ammo men uni yo‘qotib qo‘ydim. Qanday topishni bilmadim. Negadir hech nimani eslolmayapman. Men o‘z Vatanim, O‘zbekistonni sog‘indim”, — deydi Nelya Simonyans.
Nelya Simonyansning o‘z manziliga yetib borishini ta’minlash masalalari Bosh konsullik va Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilgan.
Izoh (0)