Nukus garnizonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari bilan uslubiy yig‘in o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari, oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlari va harbiy qism komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) va bo‘linmalari boshliqlari hamda soha ofitserlari ishtirok etdi.
Yig‘in davomida Kurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlashda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari, axborot-tahliliy ta’minot uslubiyati, mashg‘ulotlarni o‘tkazishda interfaol uslublardan foydalanish, bo‘linmalarda badiiy havaskorlik guruhlarini shakllantirish, dala sharoitidagi axborot markazini tashkil etish kabi mavzular ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, bu yilgi yig‘inda dala-o‘quv maydonida real vaziyatga yaqinlashtirilgan tarzda ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Uning o‘ziga xosligi jismoniy-ruhiy to‘siqli yo‘lakchaning mobilligidir. U kamxarj va foydalanish uchun juda qulay. Unda kishining stress holatiga moslashuvchanligi va tezkor qaror qabul qilish qobiliyati shakllantiriladi. O‘q otish mashg‘ulotida haqiqiy jang holati (yong‘in, tutun, portlashlar kabilar) imitatsiya qilindi.
Tadbirning madaniy qismida yig‘in ishtirokchilari uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatriga tashrif, I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san’at muzeyiga ekskursiya va boshqa ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Izoh (0)