Joriy yilning 28-fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat Prezident maktablari o‘quv jarayonlarini rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, deb yozadi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni joriy etish belgilandi.
Cambridge Assessment Prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘mak beradi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakalarini xalqaro me’yorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.
2019-yil holatiga ko‘ra Kembrij Universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi o‘rinni egallaydi. 1858-yilda universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari bo‘yicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.
Imtihon Kengashi (UCLES) Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatidagi 10 mingta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchilar bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kembrij Universitetida har yili 30 mingdan ortiq ekspert tomonidan baholash jarayoni o‘tkaziladi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, og‘zaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Izoh (0)