2018-yilning oktabrida O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi davlat rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan Rossiya—O‘zbekiston ta’lim forumi ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, deb yozadi O‘zA.
Ikki tomonlama hamkorlikni keng amaliy tatbiq etish maqsadida bugun, 27-fevral kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi va I.M.Sechenov nomidagi Birinchi Moskva Davlat tibbiyot universiteti tomonidan “Oliy ta’lim muassasalararo hamkorlik markazi” tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash tizimida katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasidan I.M.Sechenov nomidagi Birinchi Moskva Davlat tibbiyot universiteti rektori Pyotr Glibochka boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tadbir ikki davlat tibbiy ta’limi yetakchilari uchun sog‘liqni saqlashni tashkil etish bo‘yicha ko‘p formatli muzokaralar imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, istiqbolli rejalar va amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ilmiy-amaliy seminarlar hamda Markazning hamkorlikni yanada rivojlantirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish, elektron ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish, talabalar almashinuv dasturlarini olib borish, har ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida operativ uzluksiz axborot almashinishni ta’minlash OTMlararo hamkorlik markazining strategik vazifalaridan hisoblanadi.
Ushbu markaz professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar, yosh olimlar va ikki universitet talabalari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida innovatsion va texnologik g‘oyalar yuzasidan fikr almashish uchun zamonaviy platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Sechenov universiteti yetakchi professor-o‘qituvchilari Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim jarayoniga keng jalb qilinishiga yordam berib, ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Izoh (0)