Davlat xizmatlari sohasidagi eng ko‘p huquqbuzarliklar Navoiy viloyati (126 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (124 ta) va Surxondaryo viloyatida (111 ta) ekani aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Adliya vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, 2018-yilda mamlakatdagi barcha Davlat xizmatlari markazlarida 1 062 nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada, 55 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 116 nafar shaxsga hayfsan, 40 nafar shaxsga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan hamda 457 nafari aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Mazkur ishlar 2019-yilda ham davom etmoqda. Shunday qilib, yil boshidan 127 ta “sirli mijoz” tadbiri o‘tkazilgan. Ularning natijasida 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 21 nafariga hayfsan, 2 nafariga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Ushbu o‘rganishlarning tahlili fuqarolar muomala madaniyati, ortiqcha hujjatlar talab qilinishi, shuningdek, ijro intizomi kabi kamchiliklardan norozi ekanligini ko‘rsatgan.
Belgilangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida agentlik rahbariyati tomonidan tegishli tavsiyalar berildi. Ushbu turdagi monitoring samarasi o‘laroq, barcha DXM xodimlari uchun maxsus tamoyillar ishlab chiqildi va rasman tasdiqlangan. Bundan tashqari, har bir markazda administrator burchagi tashkil etilib, u orqali fuqarolar o‘zlarini qiziqtiradigan savollariga javob olishi mumkin.
Izoh (0)