Intellektual mulkka nisbatan mualliflik huquqlarining buzilishi ma’muriy hamda qo‘pol tarzda buzilgan holatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘zbek va jahon adabiyotini chop etish va mualliflarga haq to‘lash jarayonlarida ko‘plab qonunbuzilish holatlari mavjud. Masalan, institutlarda shunaqa topshiriqlar bor ekan: o‘qituvchilarga topshiriq beriladi, qo‘liga ruscha kitob berib, ‘shuni tarjima qilasan va o‘zingning nomingdan chop etasan’ deyishadi. U internetdan ko‘chirib oladi va tarjimonlarga pul to‘lab, o‘zining nomidan chop etadi. Bu bir tomonidan juda kulguli, ikkinchi tomondan qonunning qo‘pol buzilishi”, — deydi Intellektual mulk agentligi qoshidagi o‘quv markazi direktori o‘rinbosari Vohidjon Allayorov.
Bundan tashqari, jahon adabiyoti asarlarini tarjima qilish va chop etishda mualliflik huquqlariga qat’iy rioya etilishi kerak. Asar muallifi hayot yoki uning vafotiga 50 yil to‘lmagan holatda rozilik olinishi shart.
Shuningdek, internet saytlariga joylashtirilayotgan asarlar haqida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin. Biror bir portalga asarni joylashtirish uchun intellektual mulk egasi (asar muallifi yoki tarjimon) roziligi olinishi lozim. Aks holda bu nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham asos bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Izoh (0)